Bugun poytaxtimizda “Study UK Alumni Awards” dasturi doirasida Buyuk Britaniya universitetlarini tamomlagan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Mazkur tadbirni tashkil etishdan maqsad ushbu “Buyuk Britaniyada tahsil olgan bitiruvchilar mukofoti” dasturi doirasida bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan hamda o‘zlarining yetakchilik qobiliyati bilan professional sohalarda yuqori natijalarga erishgan mahalliy mutaxassislar faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish orqali yoshlarni ulkan maqsadlarga undashdir.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekistondagi Britaniya kengashi direktori o‘rinbosari Jamila G‘ulomovaning so‘ziga ko‘ra, mazkur dastur 11 yildan buyon hayotga tatbiq etiladi. Unga har yili 100 dan ortiq mamlakatdan 1,500 nafardan ziyod nomzod o‘z imkoniyatni sinab ko‘radi. Joriy yil biznes va innovatsiya, madaniyat va ijodkorlik, ilm-fan va barqarorlik hamda ijtimoiy harakatlar nominatsiyalari bo‘yicha arizalar 1 sentyabrdan 21 oktyabrga qadar qabul qilinadi. Talablarga javob beradigan nomzodlar “Buyuk Britaniyada tahsil olgan bitiruvchilar mukofoti” va “Global bitiruvchilar mukofoti” dasturlari uchun tanlab olinadi.
[gallery-19367]
Tadbirda Edinburg davlat universiteti bitiruvchisi Iskandar Sattiboyev o‘z yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Men 2003 yilda Andijon davlat chet tillari institutida bakalavr darajasini oldim. 2004 yilda Daniyaning Odense shahridagi Texnologiya kollejiga o‘qishga kirib, 2006 yilda muvaffaqiyatli tamomladim. 2007 yilda Edinburg davlat universitetining solishtirma va umumiy adabiyot bo‘yicha magistratura darajasini tugatdim. Bugungi kunda Andijon shahridagi 1-ixtisoslashgan maktabda ingliz tilidan dars beraman. Ingliz tilini oson va qiziqarli tarzda o‘rganishga yordam beruvchi mobil ilovani yaratganmiz. Ushbu ilova 100 ming marotabadan ko‘p yuklab olingan. Bundan tashqari, mahalliy “Taraqqiyot” telekanalida ingliz tilini o‘qitish bo‘yicha ta’lim dasturida darslar olib boraman. Ushbu yo‘nalishda qator kitoblarim nashr etilgan. Ayni paytda shu yo‘nalishda ilmiy tadqiqot olib boryapman. 2023 yilda madaniyat va ijodiyot yo‘nalishida “Buyuk Britaniyada tahsil olgan bitiruvchilar mukofoti” g‘olibi bo‘ldim. Bu menga Edinburg davlat universitetiga borish va ushbu dastur g‘oliblari bilan muloqot qilish imkoniyatini berdi. Shu bilan birga, bu menga ona Vatanimiz ravnaqi yo‘lida katta maqsadlar sari intilishga turtki bo‘ldi.
Shuningdek, tadbirda ushbu mukofot sovrindorlari Suhrob Soliyev, Dinara Dultayeva va Tatyana An professional sohalarda erishgan yutuqlari va kelgusi rejalari bilan o‘rtoqlashdi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev, O‘zA