English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarning ta’lim olishi uchun 160 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi
16:02 / 2024-08-16

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi yoshlar yetakchisi Mirzobek Hasanovning ma’lum qilishicha, ushbu tizimda yoshlarga oid davlat siyosati tasdiqlangan dasturga muvofiq amalga oshirilishi belgilangan.

Unga asosan vazirlik tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning doimiy malakasini oshirib borish hamda sog‘lom turmush tarzi asosida sport bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.   

–Bugungi kunda vazirlik tizimidagi oliygohlarda bilim olayotgan, ilmiy tadqiqot institutlari hamda korxonalarda 32 ming nafardan ziyod yoshlar faoliyat olib bormoqda. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlari ham o‘z vaqtida olib borilyapti. Tizim tashkilotlari  yo‘nalishlaridan kelib chiqib,  kadrlar tayyorlash maqsadida jami 69 nafar, shundan 50 nafar Piza universitetining Toshkent filialida va 19 nafar talaba M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida ta’lim olishi uchun 160 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ yo‘naltirildi. Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida korxonalarda faoliyat olib boruvchi yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy hordiq olishi uchun 1 ming 200 nafar yoshning muzeylar, teatr va kinoteatrlarga tashriflari tashkil etildi, 50 dan ortiq sport tadbirlarida jami 3 ming 100 nafar yoshlar to‘liq qamrab olindi, – dedi M.Hasanov.   

Shuningdek, tadbirda vazirlik hamda korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan muntazam ravishda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinib, yoshlarni qiynayotgan muammolar va takliflarini hal qilish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani qayd etildi. Unga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri 200 nafar yosh bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda yoshlarning muammo va takliflari o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli ijrochilarga topshiriqlar berildi.   

Brifingda ta’kidlanganidek, vazirlik Prezidentimizning tegishli farmoni va Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi yig‘ilishi bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda. Unga asosan tog‘-kon sanoati va geologiya vaziriga Toshkent shahrining Uchtepa tumanidan jami 26 nafar “qizil” toifadagi, alohida ishlash talab etiladigan,  shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlar biriktirilgan.   

Shunga muvofiq, ishlab chiqilgan yo‘riqnoma asosida “Probatsiya nazoratidagi”, “Profilaktik hisobda turgan”, “Muntazam dars qoldiruvchi” toifalariga kiruvchi yoshlar bilan manzilli ish tashkil etilib, ularning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga ko‘maklashish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.   

N.Ziyodullayeva, O‘zA