Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan murojaatnomasida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratib, ularning muammolarini joyida o‘rganish, taklif va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlagan edi.
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Axmedovning bugun Pastdarg‘om va Samarqand tumanlarida yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvlarida avvalo murojaatnoma mazmun-mohiyati ularga tushuntirilib, yigit-qizlarni qiynab kelayotgan masalalarga yechim topishga e’tibor qaratildi.


Pastdarg‘omlik yoshlar tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli kredit olish, IT sohasini o‘rgatadigan o‘quv markaz tashkil etish, mahallalarda sport inshootlari qurish yuzasidan, shuningdek, hududlardagi toza ichimlik suvi va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar yuzasidan boshqarma boshlig‘idan yordam so‘rashdi, o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
A.Axmedov tumandagi Yoshlar markazi binosida IT sohasini chuqur o‘rgatish uchun imkoniyat yaratilishi va buning uchun yordam berishini ma’lum qildi. Qozoq nayman mahallasi yoshlarining muntazam sport bilan shug‘ullanishi uchun kerakli sport anjomlari DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan yetkazib beriladigan bo‘ldi. Istiqlol mahallasi yoshlar yetakchisi I.Mahmudovaning tumanda rassomchilikka ixtisoslashgan markaz tashkil qilish bo‘yicha taklifi yuzasidan tuman mutasaddilariga ko‘rsatma berildi.


– Hozirdan marrani baland qo‘yib, harakat qiling, mehnat qiling – albatta, natijasi bo‘ladi – dedi A.Axmedov. – Mehnat, chekkan mashaqqatingiz ortidan rohatini ham ko‘rasiz. Yaxshi o‘qib, bilimli mutaxassis bo‘lsangiz, qo‘lingizda hunaringiz bo‘lsa, hayotda o‘z yo‘lingizni topasiz, ish beruvchilarning o‘zi sizni izlab topadi.
Samarqand tumandagi uchrashuv avvalida yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Shuningdek, yosh tadbirkorlar va hunarmanadlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Rahbar va yoshlar uchrashuvida Konigil mahallasida yashovchi Lazizjon Islomov tengdoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida kompyuter markazi, chet tillar o‘quv markazi tashkil etishida amaliy yordam so‘radi. Uning takliflari qo‘llab-quvvatlanib, subsidiya asosida kompyuter jihozlari olishi va boshqa masalalarda amaliy ko‘mak berilishi ma’lum qilindi.
Sheroz Hamidovning murojaati bilan Jo‘yisoy mahallasidagi sport zalni ta’mirlashga boshqarma ko‘maklashishi qayd etildi. Uchrashuvlarda ikkala tuman yoshlarini qiynab qilayotgan o‘nlab muammolariga yechim topildi. Tashabbus va g‘oyalari ma’qullandi.
G‘.HASANOV, O‘zA