Munosabat
Hammamizga ayyonki, bugungi kunda inson kapitaliga yo‘naltirilgan sarmoya eng qimmatlidir. Ayniqsa, ta’lim-tarbiya sohasiga qaratilgan e’tibor kelgusi taraqqiyot poydevori. Shu sababli ham mamlakatimizda bu sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan yaxlit va uzluksiz tizim yaratildi.
Bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, bilim olayotgan yoshlarimizning qo‘lga kiritgan yutuqlari tobora salmoq va ko‘lam kasb etib borayotgani esa quvonarlidir. Bugungi ilg‘or davlatlarning yuksak yutuqlari ham shu haqiqatni tasdiqlab turibdi. Mazkur jarayonda xususiy maktablar tomonidan erishilayotgan natijalar ham yaxshi bo‘lmoqda.
Masalan, Olmaliq shahridagi Buxoro maktabining iqtidorli o‘quvchisi Ibrohim Temirov Dubayda o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida munosib ishtirok etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Uning bu yutug‘i boshqa yoshlarimiz uchun ham zo‘r ibrat va o‘rnak namunasi bo‘ldi. Uni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz tomonidan 562 million so‘m, uning fidoyi va zahmatkash ustoziga esa 95 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Barchaga ma’lumki, uzoq yillar mobaynida Toshkent viloyatida birgina oliy ta’lim muassasasi – Toshkent davlat agrar universiteti mavjud edi. Viloyatimizda bugungi kunda oliy ta’lim muassasalar soni 13 tani tashkil qiladi. Ulardan 7 tasi davlat, 3 tasi nodavlat, 3 tasi esa xorijiy ta’lim dargohlarining fiallaridir. Bu maskanlarda 72 ming 755 nafar talaba tahsil olmoqda.
2025 yilda 34,7 ming nafar maktab bitiruvchilarining 55,7 foizi, yoki 19,3 ming nafari oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Xususan, Nurafshon shahridagi Prezident maktabining iqtidorli o‘quvchisi Sherzod Tadjibayev esa Fransiyaning dunyodagi eng nufuzli oliygohlaridan biri, TOP-60 talikka kiruvchi “Ekole Politexnika” universitetiga 100 foizlik grant asosida o‘qishga qabul qilindi. E’tiborlisi, u mazkur oliygohga oxirgi 34 yil ichida O‘zbekistondan qabul qilingan ikkinchi talabaga aylandi. Bu esa yurtimiz yoshlarining bilim va salohiyati jahon miqyosida o‘zining munosib bahosini topayotganiga yana bir misoldir.
Prezidentimizning 2023 yil 25 maydagi “Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori esa ushbu yo‘nalishda yangi qadam bo‘lishiga ishonaman. Bu sa’y-harakatlar tufayli kelgusida yangi toifadagi ta’lim dargohlari tashkil etiladi.
Ishonamizki, bu tashabbus natijasida Zangiota, O‘rta Chirchiq, Qibray, Toshkent tumanlaridagi yoshlarimiz sifatli bilim olishiga erishiladi.
Bekzod Shirinxanov,
Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi
DXSH tashkil etish sho‘’basi bosh mutaxassisi.
O‘zA.