Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarning o‘ziga, kelajakka bo‘lgan ishonchi ortmoqda
07:05 / 2023-02-24

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarishi, o‘qib, puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Ayniqsa, uyushmagan va mahalla yoshlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi. Mazkur hujjat asosida har bir mahallada Yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Ayni kunda Andijon viloyatidagi 891 ta mahallada yoshlar yetakchisi samarali faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarni o‘rganish va hal etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.  

– Yoshlar yetakchilari tomonidan o‘tgan 2022 yilda viloyatdagi 890 ta mahallada 14-30 yoshdagi 821 ming 675 nafar yosh xatlovdan o‘tkazildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Shoxruhbek Nabiyev. – Ularning bandligi, ta’lim, oilaviy, ijtimoiy va salomatlik holatlaridan kelib chiqib “Yoshlar balansi” va “Yoshlar daftari” shakllantirildi. “Yoshlar daftari” ga 20 ming 880 nafar ijtimoiy-iqtisodiy yordamga muhtoj bo‘lgan yoshlar kiritildi. Yil oxiriga qadar 20 ming 467 nafar yoshga yordam ko‘rsatilib, daftardan chiqarildi. Jumladan, daftarga kiritilgan yoshlarning 346 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 366 nafariga imtiyozli kredit ajratildi, 6 ming 6 nafariga dehqonchilik qilish uchun yer maydoni berildi, 437 nafari “Ustoz-shogird” an’anasi asosida usta hunarmandlarga biriktirildi, 1 ming 193 nafariga ijara xarajatini to‘lash, 1 ming 167 nafariga mehnat qurollari, turli asbob-uskunalar xarid qilish uchun subsidiya mablag‘lari taqdim etildi.  

[gallery-10688]

Bundan tashqari, 4 ming 83 nafar yoshning to‘lov-shartnoma mablag‘i to‘lanib, 900 nafarining safarbarlik chaqiruv rezervi xarajatlari qoplab berildi. 721 nafar yoshlar haydovchilikka o‘qitildi, 3 ming 915 nafariga ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi. Umuman, o‘tgan yil davomida 18 ming 325 nafar yoshlar ishga joylashtirildi. Dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 18 ming 569 nafar yoshga 1 ming 924,6 gektar yer maydoni ajratib berildi. Shundan 3 ming 455 nafari "Yoshlar daftari" ga kiritilgan yoshlar bo‘lib, ularga yer maydoni olish uchun 932,9 million so‘m miqdoridagi to‘lov mablag‘lari kompensatsiya qilib berildi.  

“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida 2 ming 654 nafar yigit-qizga dehqonchilik qilishi uchun 320,3 gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari ajratib berildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 14 ming 363 nafar yoshga 320 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratishga ko‘maklashildi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi bo‘yicha 11 ming 176 nafar yoshga jami 244 milliard so‘m, ta’lim kreditlari bo‘yicha 2 ming 946 nafar yoshga 32,6 milliard so‘m, “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘yicha 210 nafar yoshga 1,5 milliard so‘m, Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha 42 nafar yoshga 28 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi.  

Bundan tashqari, xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball qayd etgan 349 nafar yoshlarga 583,7 million so‘m miqdorida imtihon topshirish xarajatlari qoplab berildi. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida o‘tkazilgan besh muhim tashabbus doirasidagi loyiha va tadbirlarga Yoshlar yetakchilarining say’i-harakati bilan 753 ming nafardan ziyod yoshlar qamrab olindi. Bundan tashqari, yoshlarning musiqa va san’atga, sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini mustahkamlash maqsadida tanlov va tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazildi. Ularda qariyb 800 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tadbirlar ham yuqori ko‘tarinkilik va yoshlarning faolligi bilan o‘tdi.  

Yoshlar yetakchilarining mahalladagi xotin-qizlar faoli, ichki ishlar profilaktika inspektorlari va boshqa mas’ul tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikdagi faoliyati natijasida yoshlar ishtirokidagi salbiy holatlar ham kamaydi. Yoshlar yetakchilari faoliyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, o‘tgan yili viloyatdagi kam ta’minlangan oila farzandlari bo‘lgan 23 ming 317 nafar, “Temir daftar” ga kiritilgan oilalarning 4 ming 987 nafar, nogironligi bo‘lgan 4 ming 784 nafar, shuningdek, 13 ming 546 nafar chin va yarim yetim yoshlarga zarur yordamlar ko‘rsatildi.  

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda Yoshlar yetakchilari tomonidan olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka jalb etish, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, umuman, yoshlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlar ijobiy natijalar bermoqda. Bu esa yoshlarimizning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishiga yordam berish, ularning faolligini, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissini, o‘ziga, yurtimizning porloq kelajagiga bo‘lgan ishonch va umidini oshirishga xizmat qilmoqda.  

F. UBAYDULLAEV,  

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA