Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarning mediasavodxonligi oshirilmoqda
12:24 / 2025-09-10

Bo‘stonliq tumanida “Summer Media Camp – 2025” mediaoromgohi ish boshladi. Joriy yilning 13 sentyabrgacha davom etadigan loyiha Yoshlar ishlari agentligi hamda “Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etilib, “MediaStart: raqamli voqelik sari yo‘ling” shiori ostida o‘tkazilmoqda.

Oromgoh o‘z mazmuni va dasturi jihatidan nafaqat talabalar, balki jurnalistika sohasiga qiziqayotgan barcha yoshlarni qamrab olgan. Shu bois kun tartibi dasturi ham ishtirokchilarga sohada tajriba oshirish uchun ko‘plab mavzularni qamrab olgan. Loyiha koordinatori Jamoliddin Imomnazarovning ta’kidlashicha, 1 ming 200 nafardan ziyod yosh ariza topshirgan. Bu esa yoshlar orasida media sohasi va jurnalistikaga qiziqish qanchalik yuqori ekanini ko‘rsatadi. 

Tanlov jarayoni oddiygina ariza topshirish bilan cheklanib qolmay, ular bilan onlayn suhbatlar o‘tkazildi, qiziqishlari va intilishlari, tajribalari baholandi. Saralash natijasida media sohasiga alohida qiziqishi, ijodiy g‘oyalari va ijtimoiy faolligi bilan ajralib turgan yoshlardan 50 nafari jalb qilindi. 

Tashkilotchilar yoshlarda zamonaviy media madaniyatini shakllantirish, ularni mas’uliyatli va mustaqil fikrlaydigan avlod sifatida tarbiyalashni maqsad qilgan. 

Saida Sulaymonova, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori:

– Oromgohning o‘quv dasturi barchaga qiziq bo‘lmoqda. Ishtirokchilar o‘n kishidan iborat guruhlarga bo‘linib, besh kun davomida turli mashg‘ulot va mahorat darslarida qatnashadi.

 Jarayonda ular mediasavodxonlik va faktcheking, rahbarlik va liderlik asoslari, sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish, raqamli xavfsizlik, audio-video suratga olish hamda montaj asoslari, multimedia va sifatli kontent yaratish kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar olib boradi. Mashg‘ulotlarni sohada yuqori tajribaga ega mutaxassislar olib bormoqda.

 Mediasavodxonlik darsida yoshlar axborotni to‘g‘ri tahlil qilish, yolg‘on xabar va manipulyatsiyani aniqlashni o‘rganadi. Faktcheking mashg‘ulotlarida yoshlarga maxsus vositalar va platformalar yordamida ma’lumotlarni tekshirish yo‘llari o‘rgatiladi. Ular fotosurat yoki videoning asl manbasini aniqlashni, statistik ma’lumotlarni tekshirish usullarini amaliy mashqlar orqali o‘zlashtiradi.

 Bu bilimlar keyinchalik ularning nafaqat jurnalistikada, balki oddiy hayotda ham to‘g‘ri qaror qabul qilishiga yordam beradi. 

A.Musayev,O‘zA.