French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarning Konstitutsiyaga oid bilimlari boyitildi
15:45 / 2025-12-05

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan ushbu muhim hujjatning mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida Toshkent davlat tibbiyot universitetining pediatriya kampusida “Konstitutsiya – tenglik, adolatlilik va farovon hayot garovi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi hamda universitet hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida partiya Siyosiy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning jamiyatimiz hayotidagi o‘rni, uning xalqchilligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega ekanligiga alohida to‘xtaldi. Bosh qomusimizda davlat yoshlarning ta’lim olishi, kasb egallashi, ish va uy-joyga ega bo‘lishini hamda barcha huquqlarini kafolatlashi mustahkamlab qo‘yilganiga e’tibor qaratdi.  

Toshkent davlat tibbiyot universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Turdiqul Bobomurodov Asosiy qonunimizda yoshlar huquqlari, xususan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va kasb tanlash erkinligining kafolatlanganini ta’kidladi. Aholining tibbiy xizmatlardan foydalanishi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilganiga urg‘u berdi.  

Shuningdek, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari Dilmurod Ismoilov hamda Manzura Salimova “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya — inson huquq va erkinliklarining mustahkam kafolati” mavzusida ma’ruza qildi. Deputatlar Konstitutsiyadagi “inson – jamiyat – davlat” tamoyili, ijtimoiy davlat tushunchasi va fuqarolarning iqtisodiy huquqlari xususida hayotiy misollar bilan tushunchalar berdi.

Tadbir davomida talabalar ishtirokida qiziqarli viktorina va savol-javoblar o‘tkazilib, yoshlarning Konstitutsiyaga oid bilimlari sinaldi. Yakunda faollik ko‘rsatgan yoshlarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA