Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarning ilk kitobi o‘quvchilarga havola etildi
10:30 / 2023-08-31

Nurafshon shahrida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan bir guruh yosh ijodkorlarning birinchi kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Xususan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir tashabbusi bilan yosh qalamkashlar Gulhayo Uralovaning “Ruhafzo”, Oybek Akbarovning “Guldaxan”, Shoira To‘laganovaning “Yo‘l boshida”, Bonu Sarimovaning “Baxt bo‘lsam kerak” nomli she’riy to‘plami va Otabek Bakirovning “Umid” nomli publitsistik maqolalar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  

Ixcham kitoblar “Adabiyot” nashriyotida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan har biri 1000 nusxa chop etildi. Uyushma tomonidan faol ijod qilayotgan va izlanishlari bilan ustozlar e’tiboriga tushgan yosh ijodkorlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa, yil davomida o‘tkazilayotgan turli adabiy-publitsistik seminarlarda ularning bilim va tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.  

Tadbirda qatnashgan professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Botirjon Ergashev ham bu borada o‘z fikrlarini aytdi. 

 

– Kelgusida ustozlar umidini oqlashga harakat qilaman, – deydi “Umid” nomli publitsistik maqolalar to‘plami muallifi Otabek Bakirov. –Jamiyatimizdagi turli muammoli mavzularni ko‘tarishga harakat qildim. Uyushmaga 100 ga yaqin materiallar yuborgandim. Shulardan eng yaxshilarini saralab kitob holiga keltirishdi. Bundan juda xursandman. “Kitoblar ko‘p, nashriyot, bosmaxonalar ham kam emas. Ijodkor o‘z bitiklarini to‘plab, kitob shaklida o‘quvchilar hukmiga havola etishi mumkin. Aynan shu holat o‘quvchilardagi tanlash imkoniyatini nihoyatda oshirib yubordi. Yaxshi kitob esa doimgidek har kuni chop etilavermaydi”, – deyiladi besh kitobning kirish qismida.  

Tadbirga yig‘ilganlar yosh ijodkorlarning kelgusi faoliyatiga omad tiladi.  

A.Musayev,  

O‘zA