Namangan shahrida viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yoshlar huquqiy sayli” mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarni bir manzil, bir makonda birlashtirdi.
Qayd etish joiz, jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yanada oshirish, aholiga, ayniqsa, yoshlarga huquqiy axborotni, shu jumladan, yurtimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyatini yetkazish hamda yosh avlod ongida qonunga hurmat hissini shakllantirish borasida adliya idoralari tomonidan qator xayrli sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

“Yoshlar huquqiy sayli”da viloyat adliya boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, oliy ta’lim muassasalari, davlat idoralari mutasaddilari, talaba- yoshlar hozir bo‘ldi.
Tadbirda qonunchilikda yoshlarga yaratilayotgan imtiyozlarning mazmuni, yoshlarning bandligini ta’minlash hamda bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish, qonunchilikdagi yangiliklar, milliy qadriyat va an’analarga hurmat, vatanparvarlik, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, o‘g‘il-qizlarda siyosiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlaridan foydalanishning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi. Harbiy orkestr ijrosidagi jarangdor kuylar hamda askarlarning chiqishlari saylga o‘zgacha ruh va kayfiyat ulashdi.

Bundan tashqari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari, Namangan yuridik texnikumi tomonidan tashkillashtirilgan ko‘rgazmali burchaklar ishtirokchilarga mazkur o‘quv muassasalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shuningdek, viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasining ko‘rgazmasi orqali tarixiy hujjatlar, ta’limga oid qo‘llanmalar, matbuot nashrlarining avvalgi ko‘rinishi va o‘sha zamonning fotolavhalari bilan tanishtirildi.
Hunarmandlar tayyorlagan “Chust do‘ppisi”, “Chust pichog‘i” kabi milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi. Ayniqsa, yoshlarning bilim salohiyatini sinovdan o‘tkazgan “Huquqiy zakovat” o‘yini ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Unda, oliy ta’lim muassasalari va yuridik texnikum talabalari huquq, geografiya, tarix borasida o‘zaro bahslashdi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, Namangan davlat universiteti jamoasi g‘olib chiqqan bo‘lsa, faxrli ikkinchi o‘rin viloyat adliya boshqarmasi jamoasi, uchinchi o‘rin esa Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamda Namangan davlat chet tillar instituti talabalariga nasib etdi.
Tadbir yakunida “Yoshlar huquqiy sayli”ning faol ishtirokchilari hamda tanlovlar g‘oliblari Namangan viloyat adliya boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri