Poytaxtimizda “mGovAward” tanlovining uchinchi bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda bo‘lib turgan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari Abdulla Nosir Luta boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek davlat tashkilotlari va startap ekotizimlari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni tahliliy fikrlashga undash, innovatsion faoliyatga keng jalb etish, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarga intellektual salohiyatini namoyon qilish uchun qulay sharoit yaratilayotgani, xususan innovatsion tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida texnoparkda biznes-inkubatorlar, tajriba maydonchalari tashkil etilayotgani, taklif qilingan startap loyihalarni rivojlantirish va ishlab chiqarishga joriy etish imkoni yaratilayotgani qayd etildi.
“mGovAward” davlat mobil ilovalarini ishlab chiqish bo‘yicha milliy tanlov hisoblanadi. Маъlумотга asoslangan yechim, ta’lim, tadbirkorlik, inson resursi va farovonlik, ekologiya va atrof muhit muhofazasi, turizm kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan musobaqada ishtirokchilar uchun yo‘nalishlardan biri bo‘yicha davlat sektori uchun mobil ilova ishlab chiqish talabi qo‘yildi.
Mazkur loyiha orqali talabalarni yangi texnologiya joriy etish, aholi turmush tarzini yaxshilashga yordam beradigan yangi g‘oyalarni o‘zlashtirishga jalb etish maqsadi ko‘zlangan. Ishlab chiqilgan eng yaxshi yechimlar foydalanish uchun davlat idoralariga taqdim etiladi.
Uchinchi bor o‘tkazilgan tanlovga jami 63 jamoadan ariza tushdi. 20 ta loyiha “Demo Day” bosqichiga yetib keldi. Ishtirokchilar ishi O‘zbekiston va BAA taniqli mutaxassislari tomonidan sinchkovlik bilan baholandi. Sovrin jamg‘armasi 100 ming dollarni tashkil etgan tanlovda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Logo Smart” jamoasiga 50 ming dollar berildi. Ikkinchi o‘rinni egallagan “School of autism” jamoasi 30 ming, uchinchi o‘ringa loyiq topilgan “Drivesafe” jamoasi 20 ming dollar miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida IT Park bosh direktori Farhod Ibrohimov va BAA delegatsiyasi vakili Salim Abdulla Muhammad Al-Shamiy ishtirokida raqamli texnologiyani rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalasi batafsil muhokama qilindi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA