Yosh avlod vakillarining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ularda atrof-muhitga mas’uliyat hissini uyg‘otish bugungi ekologik xavf-xatarlar sharoitida muhim hisoblanadi. Zero, yoshlarning ekofaolligi kelgusida ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiat muhofazasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tashkilotlari va deputatlik birlashmalari tomonidan bir qator tadbirlar, targ‘ibot-tushuntirish ishlari muntazam olib boriladi. Xususan, Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali akademik litseyida “Ekologiya va atrof-muhit muammolari” mavzusida deputat va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi.

Tadbirda xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashiga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan deputat Tatyana Yugay ishtirok etib, mamlakatimizda ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida ekologik sohaga befarq bo‘lmagan faol yoshlar bilan birgalikda atrof-muhit muammolariga qarshi kurashish va targ‘ibot ishlarini olib borishga qaratilgan “Ekologik tashabbus” guruhini tashkil etishga kelishib olindi.
Shuningdek, kelgusida partiya "Yoshlar qanoti" faollari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, qo‘shma loyihalar va ekologik tadbirlarni muntazam o‘tkazish rejalashtirildi.
M.Komilova,
O‘zA