Nukusda “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari tomonidan tashkil etilgan mazkur tanlovda umumta’lim maktablarining yuqori sinf hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tanlovdan ko‘zlangan maqsad, jamiyatda yoshlarning ekologiyaga oid huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat.
[gallery-21826]
Ishtirokchi jamoalar o‘z hududlarining ekologik holati, ularni yaxshilashga doir amalga oshirilayotgan ishlar, ekologik, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi savol-javob, ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz, eng yaxshi ekologik loyiha shartlari bo‘yicha o‘zlarining bilimlarini namoyish etdi.
Ikki kun davom etgan tanlov yakunida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Nukus shahridagi 34-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi birinchi, Taxtako‘pir tumanidagi 3-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinfi bor umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi ikkinchi, Shumanay tumanidagi 15-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litsey jamoasi birinchi, Qonliko‘l tumani kasb-hunar maktabi jamoasi ikkinchi hamda Taxtako‘pir tumani kasb-hunar maktabi jamoasi uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va ishtirokchi jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinlarni egallagan jamoalar tanlovning respublika bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA