Mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish, bu boradagi faoliyatni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini takomillashtirish muhim bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, Prezidentimizning2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Bilimni baholash agentligi tomonidan chet tilini bilish darajasini baholash bo‘yicha test sinovlari o‘tkazib kelinmoqda.
Xo‘sh, bu yo‘nalishdagi ishlar qanday tashkil etiladi? Shu kabi savollar xususida Bilimni baholash agentligi boshqarma boshlig‘i Javlonbek Nurmatovning fikrlari bilan qiziqdik.
– Agentlik tomonidan xorijiy til sinovlaridan o‘tishda talabgorlar asosan qanday tartiblarda saralanadi?
– Chet tilini bilish darajasini baholash test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 16 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Reglament asosida bo‘lib o‘tadi. Bugungi kunda Bilimni baholash agentligi tomonidan 16 ta xorijiy til bo‘yicha chet tilini bilish darajasini baholash test sinovlari o‘tkazib kelinmoqda. Test sinovlari ko‘p darajali formatda yoki B1, B2 va C1 darajalar uchun alohida test sinovlari shaklida tashkil etilishi mumkin.
Bunda ulardan hech qanday hujjat taqdim etish talab qilinmaydi. Test sinovi vaqti va joyi belgilangan kundan 3 kun avval talabgorlarga onlayn ma’lum qilinadi. Test sinovlariga talabgorlar my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetlari orqali yuklab olingan ruxsatnoma hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kelishlari talab qilinadi.
Chet tilini bilish darajasini baholash test sinovlari 4 ta til ko‘nikmalarini: tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini o‘z ichiga oladi.
Sinov 2 bosqichdan iborat bo‘lib, yozma (tinglab tushunish, o‘qish va yozish), suhbat (gapirish ko‘nikmasi) bo‘yicha o‘tkaziladi.
B1, B2 va C1 darajalarini qamrab oluvchi formatdagi sinovlarning yozma qismida tinglab tushunish, o‘qish ko‘nikmasini tekshirish uchun 35 tadan test topshirig‘i hamda yozish ko‘nikmasini tekshirish uchun 2 ta topshiriq bo‘lib, jami 2 soat 45 daqiqa davom etadi.
Suhbat bosqichi test sinovining yozma qismidan oldin yoki keyin, alohida kunda tashkil etiladi hamda onlayn platforma orqali kompyuterda o‘tkaziladi. Gapirish ko‘nikmasi imtihoni 3 ta qismdan iborat bo‘lib, turli darajalardagi 12 ta topshiriq (savol)dan iborat bo‘ladi.
Ko‘p darajali formatdagi test sinovlarining natijalari tinglab tushunish hamda o‘qish ko‘nikmalari uchun Rash modelidan foydalangan holda hisoblanadi. Bunda maxsus algoritmlar orqali talabgorlarning test topshiriqlariga bergan javoblari tahlil qilinadi hamda qiyinlik darajasiga ko‘ra talabgorning qobiliyati, bilimi logit ballar ko‘rinishida aniqlanadi. Olingan logit ballar normallashtirilgan standart ballarga aylantiriladi va 75 balli shkala ko‘rinishida taqdim etiladi.
Yozish va gapirish ko‘nikmalari topshiriqlariga berilgan javoblar maxsus onlayn platforma orqali tekshiriladi. Har bir ish kamida 2 nafar maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan malakali mutaxassis tomonidan baholanadi. Qo‘yilgan ballarning o‘rtacha qiymati olinadi hamda natijalar 75 balli shkala ko‘rinishida taqdim etiladi.
Imtihon yakunida 4 ta ko‘nikma bo‘yicha olingan ballarning o‘rtacha qiymati yaxlitlangan holda olinadi va yakuniy ball sifatida taqdim etiladi.
– Bu yil qaysi xorijiy tillar bo‘yicha test sinovlari tashkil etildi?
– Joriy yil davomida 16 ta xorijiy til (ingliz, nemis, fransuz, arab, xitoy, yapon, koreys, hindiy, urdu, pashtu, dariy, fors, turk, uyg‘ur, italyan, ispan) bo‘yicha jami 6 marta chet tilini bilish darajasini baholash test sinovlari tashkil etildi hamda ushbu test sinovlarida 105986 nafar talabgorlar ishtirok etdi. Ulardan 85970 nafari (81 foizi) B1, B2 yoki C1 darajadagi sertifikatlarga ega bo‘lishdi. Yil oxiriga qadar jami 8 marta test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, Bilimni baholash agentligi tomonidan akademik litseylarning bitiruvchi kurs o‘quvchilari uchun chet tilini bilish darajasini baholash test sinovlari bepul tashkil etildi hamda unda 4543 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ulardan 166 nafari C1, 1504 nafari B2 hamda 1579 nafari B1 darajadagi sertifikatga bo‘ldilar.
Quvonarlisi shundaki, ingliz tili bo‘yicha milliy sertifikat Turkiyaning bir necha universitetlari, xususan, Kipr Ilm universiteti, Beykoz universiteti, Antalya bilim universiteti va Istine universitetlari tomonidan tan olindi.
Bunda ushbu sertifikatga ega talabgorlarga ingliz tilidan maksimal ball berish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tan oluvchi universitetlar ro‘yxatini yanada kengaytirish maqsadida turli ta’lim muassasa va tashkilotlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA