Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Tangirqulov yoshlar bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishi uchun imkoniyatlar eshigi ochib berilayotganligi ta’kidlandi.
– Bugun yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, – deydi A.Tangirqulov. – Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida eng avvalo, yosh avlod manfaatlari, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va ijtimoiy himoyasi masalalari turadi.
Ayni paytda Andijon viloyati aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Ular ham mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalaridagi jarayonlarda faol ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda viloyatda joriy yilda yoshlar siyosati yo‘nalishida amalga oshiriladigan ustuvor rejalar, yangi loyihalar va tashabbuslar haqida ma’lumotlar berildi. Ana shu jarayon va tadbirlarda yoshlarning faol ishtiroki muhim ekanligi alohida qayd etildi.
Boshqarma boshlig‘i viloyat yoshlariga murojaat qilib, berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanish, ilm olish, kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik va boshqa barcha jabhalarda ilg‘or bo‘lishga chaqirdi.
Murojaatda “Andijon yoshlari – yuksak marralar sari intilayotgan kuch!” shiori ostida joriy yilda yoshlar bilan ishlash borasida ustuvor vazifalar belgilab olinganligi, xususan, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sport va san’atga qiziqishini kuchaytirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilganligi aytib o‘tildi. Shu bois, har bir tuman, shaharda yoshlar yetakchilari tomonidan yoshlar bilan ishlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Viloyat yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi harbiy vatanparvarlik tadbirlariga 61 ming nafar, shuningdek, turli loyiha va tanlovlarga 12 ming nafardan ortiq, “Ibrat akademiyasi” ilovasi orqali xorijiy tillarni o‘zlashtirishga 145 ming nafar, “Qizlar akademiyasi” ilovasi orqali turli kasblarni o‘rganishga 35 ming nafar xotin-qiz, “Mutolaa” ilovasi orqali kitobxon yoshlar safini kengaytirishga 470 ming nafar, “Uzchess” ilovasi orqali shaxmatni rivojlantirishga 88 ming nafar, “Ustoz AI” ilovasi orqali zamonaviy kasblarni o‘rganishga 83 ming nafar yoshlar jalb etiladi. Ana shu va boshqa loyihalar orqali joriy yilda viloyatdagi 950 ming nafardan ziyod yoshning bo‘sh vaqti mazmunli tashkil etiladi.
Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish natijasida “Ishsizlikdan xoli mahallalar” sonini 2 baravarga oshirish, “Jinoyatchilikdan xoli mahallalar” sonini 110 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Viloyat yoshlarining yetakchisi o‘z murojaatida har bir yoshning imkoniyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamon talabi asosida yetuk, bilimdon, yuksak salohiyatli, fidoyi va vatanparvar shaxslar qilib tarbiyalashga qaratilgan jarayonlarda andijonlik yoshlarning faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari