Andijon davlat universitetida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Rahmatillo Arziyev, universitet birinchi prorektori Xurshidbek Xo‘jamberdiyev, professor-o‘qituvchilar, tyutor va talabalar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida yoshlarni ekstremistik, terroristik va missionerlik g‘oyalaridan asrash, ularning ana shu g‘oyalarga qarshi ma’naviy immunitetini, huquqiy savodxonligini yuksaltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda bugungi kunda jamiyatni diniy aqidaparastlik g‘oyalarining salbiy ta’siridan saqlash, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy bilim va tushunchalarini boyitishga qaratilgan, xususan, “Beshta muhim tashabbus” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar, intellektual o‘yinlar hamda sport musobaqalarining o‘rni muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot hamda yoshlar bilan ishlash borasidagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-13896]
– Ming afsuski, bugungi kunda ayrim tengdoshlarimiz turli yot g‘oyalar, "ommaviy madaniyat" ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolmoqda, – deydi Tarix fakulteti arxivshunoslik yo‘nalishi talabasi Begijon Kozimov. – Tadbir davomida ana shu kabi holatlar haqida hayotiy misollar asosida keng ma’lumotlar oldik. Biz talabalar bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolayotgan yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda yanada faol bo‘lishimiz zarur.
Davra suhbatida Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash uchun yoshlarimiz faolligi, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, Vatanimiz ravnaqi va taraqqiyotiga xizmat qiladigan insonlar bo‘lib kamol topishi muhim ekanligi alohida qayd etildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari