French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yurtimiz ziyolilarining qalb amridir
17:46 / 2023-07-31

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollari hamda bir guruh ma’rifat targ‘ibotchilarining O‘zbekiston xalqiga murojaatini o‘qib, ochig‘i, juda xursand bo‘ldim. Murojaatda ma’naviyatimiz, yosh avlod tarbiyasi, qadriyatlarimizni asrab-avaylash bilan bog‘liq juda ko‘p muhim masalalar xususida so‘z yuritilgan.

Qolaversa, murojaatnomada ilgari surilgan fikrlar nafaqat men, balki men kabi minglab yurtimiz ziyolilarining dildagi gaplar ekaniga aslo shubha qilmayman.  

Haqiqatdan ham Yangi O‘zbekistonni shakllantirish, erkin va demokratik fuqarolik jamiyatini qurish, Uchinchi renessans poydevorini bunyod etish jarayonlari ketayotgan bugungi kunda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yurtdoshlarimiz ong-tafakkurini yuksaltirish, xorij matbuoti, ayniqsa, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda “ochiqlik”, “demokratiya”, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ortidagi yot g‘oyalar, diniy-ekstremistik qarashlar ta’siridan, ayniqsa, yoshlarni asrashda jamiyatimiz ziyolilari, o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni va roli nihoyatda katta.  

Ayni paytda ko‘plab yoshlarimiz bo‘sh vaqtlarini internetda, xususan, turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotgani sir emas. Internetdan kimdir darslarda foydalanish uchun zarur ma’lumotlar olmoqda, yana kimdir yangiliklardan xabardor bo‘lmoqda. Kimlardir ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi-yangi do‘stlar orttirmoqda, uzoqdagi o‘z yaqinlari bilan muloqotda bo‘lmoqda. Buning nimasi yomon, texnika davri, taraqqiyot dersiz? To‘g‘ri, buning yomon tomoni yo‘q. Tan olishimiz kerak, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari, ayniqsa, internet uzog‘imizni yaqin, ishimizni yengil qilmoqda.  

Agar zarur bo‘lsa, internet yordamida bir necha daqiqa ichida o‘zimiz xohlagan mavzu bo‘yicha istaganimizcha ma’lumot olishimiz mumkin. Lekin yoshlarimizning internet va ijtimoiy tarmoqlardan, ulardagi ma’lumotlardan oqilona foydalanishlari borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan jihatlar talaygina. Talabalar, umuman, yoshlarni kuzatib boraman. Ularning aksariyati bo‘sh qoldi deguncha, darrov qo‘l telefoni bilan mashg‘ul bo‘ladi. Qandaydir o‘yin o‘ynaydi, qo‘shiq eshitadi, film tomosha qiladi. Ming afsuski, bunday ko‘rinish ko‘lami yildan yilga ortib bormoqda. Ularning mobil telefon, internetga bu qadar bog‘lanib qolishlarini esa aslo oqlab bo‘lmaydi. Bu eng avvalo, yoshlarimizning salomatligiga, ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, puxta bilim olishdan chalg‘itadi.  

Sir emaski, bugun media makonda madaniyatsizlik, axloqsizlik ko‘rinishlari, millatimiz ma’naviyatiga zid bo‘lgan g‘oyalar keng targ‘ib etilmoqda. Bu bilan kimlardir o‘zlarining g‘arazli manfaati yo‘lida milliy va diniy qadriyatlarimizga, xalqimizning ezgulik hamda yaxshilikka xizmat qiluvchi o‘ziga xos, umrboqiy an’analari ildiziga bolta urishga urinmoqda. Bunday holatga biz – ziyolilarning tomoshabin bo‘lib qarab turishimiz yoki e’tiborsiz qarashimiz hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi.  

Insoniyat tarixining barcha davrlarida ulug‘ ajdodlarimiz millatimiz sha’ni, qadr-qimmatini yuksaklarga ko‘tarish, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash yo‘lida kurashgan, bu borada dunyo xalqlariga ibrat bo‘lgan. Bugun biz ham bu borada ko‘plarga ibrat bo‘lishimiz lozim. Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni yot va buzg‘unchi g‘oyalardan asrab-avaylash, yot g‘oyalar, qarashlar ta’siridan himoya qilish, ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farzdir. Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istar edimki, Andijon davlat universiteti jamoasi, professor-o‘qituvchilari ushbu masalaga hamisha jiddiy e’tibor qaratib keladi.  

Turli tadbirlar, talabalar bilan bevosita suhbatlarda talaba yoshlarimizga internet ma’lumotlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, bilib-bilmasdan turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik yuzasidan tushuntirishlar berib borilmoqda. Jamoamiz tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlangan Murojaatdan kelib chiqib, albatta, bu borada targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishga, ilg‘or va samarali targ‘ibot usullardan keng foydalanishga harakat qilamiz. Xalqaro internet tarmog‘i orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar, g‘arazli axborotlar, hayotimiz ziynati bo‘lgan odob-axloqimiz, ma’naviyatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan buzg‘unchi aksiyalar, yoshlarni zalolatga boshlaydigan jirkanch tasvir va media mahsulotlar mohiyatini keskin fosh etib, oqni-oq, qorani-qora, deb, asl haqiqatni yuzaga chiqarish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.  

Qolaversa, yurt manfaati himoyasi, yosh avlod tarbiyasi bilan bog‘liq ushbu ish ana shu jarayonga hammadan ham ko‘proq mas’ul bo‘lgan biz - ziyolilarning qalb amriga aylanadi. Murojaatda: “Hech qachon unutmaylik, ma’naviy kurashlar sohasida ham faqat va faqat buyuk azmu shijoat bilan dadil harakat qilgan, oldinga qarab borgan jamiyatgina maqsadiga yetadi” degan gaplar bejiz aytilmagan.  

 Akramjon Yuldashev,

Andijon davlat universiteti rektori, professor. 

O‘zA