Qaror va sharh
Matematika fanidan iqtidori bor bolani she’r yozishga undayversak nima bo‘ladi? Tasviriy san’atga qiziqqan farzandini kimyoviy formulalarni yechishga jalb qilayotgan ota-onalarni ham bilamiz. Oq xalat kiyish istagidagi abituriyentning huquqshunoslik yo‘nilishi bo‘yicha hujjat topshirganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.
Bu kabi harakatlar oilada kattalarning farzandlar imkoniyat va salohiyatni to‘g‘ri taqsimlay olmayotganini anglatadi. Buning oqibatida esa qiziqishi bo‘yicha rag‘bat olmagan, sharoitga ega bo‘lmagan bola kelajakda yuksak natijalarga erisha olmasligi mumkin.
Keyingi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, innovatsion faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratilayotgani ham bejiz emas.
Barkamol avlodga sifatli ta’lim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlashga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.
O‘quvchilarning ma’lum fanga bo‘lgan iqtidor va iste’dodini rivojlantirish maqsadida ixtisoslashtirilgan sinf va maktablar tashkil etildi. Ularda qiziqishi bo‘yicha ta’lim olayotgan yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etmoqda.

Ta’kidlash lozim, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish zarurati mavjud.
Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrda “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan davlat muassasasi shaklida Fan olimpiadalari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutildi. Ushbu markaz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzurida tashkil etilishi belgilandi.
– Shu paytgacha maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi muassasalar, ixtisoslashgan ta’lim dargohlari, texnikum hamda kollejlardagi o‘quvchilarning olimpiadalarga tayyorgarligi turli standartlar bo‘yicha olib borilar edi, – deydi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev. – Jarayonning bir xil emasligidan kelib chiqib, bu markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish ehtiyoji paydo bo‘ldi. Shu o‘rnida markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari nimalardan iborat degan savol tug‘ilishi tabiiy. Markaz qobiliyatli hamda fanlarni chuqur o‘rganishga qiziqadigan yoshlarni aniqlash va seleksiya qilish, ulardagi iqtidorni yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, fan olimpiadalariga maqsadli tayyorlashga oid o‘quv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalar va qo‘llanmalar ishlab chiqadi. Bundan tashqari, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiyot va ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlarida, shu jumladan, maktab ta’limi tizimida faoliyat olib borishiga ko‘maklashiladi.
Markaz tomonidan 2025 yildan boshlab 5-8-sinflar o‘rtasida o‘tkaziladigan olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilar bazasi shakllantiriladi. Ularni xalqaro olimpiadalarga maqsadli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Fan olimpiadalari bo‘yicha milliy terma jamoalarning xorijiy davlatlar terma jamoalari bilan qo‘shma yig‘inlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Xalqaro olimpiadalarda ruhiy bosimni yengish bo‘yicha seminarlar hamda motivatsion treninglar tashkil qilinadi. Asosiy fan olimpiadalarining hududiy bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan iqtidorli yoshlar uchun «intellektual oromgohlar» tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Markazda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari olib boriladi. Kelgusida olimpiadalarning respublika bosqichida tabiiy fanlar bo‘yicha amaliyot – laboratoriya jarayonlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bu yoshlarimizning xalqaro maydondagi natijalarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Xalqaro fan olimpiadalari uchga bo‘linadi. Bular – nufuzli xalqaro olimpiadalar, xalqaro olimpiadalar va mintaqaviy xalqaro olimpiadalar. Ushbu olimpiadalar g‘oliblari, ularning o‘qituvchilari va terma jamoalar rahbarlari tegishli miqdorlarda bir martalik pul mukofotibilan taqdirlanadi.
Nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan terma jamoalar rahbarlarini jamoaning natijasiga qarab rag‘batlantirish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, yurtimiz va buyuk ajdodlarimizning dunyo ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish maqsadida qator xalqaro olimpiadalar o‘tkazib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bugun yurtimizda o‘ttiz yoshgacha bo‘lganlar soni o‘n to‘qqiz million nafardan ortiq. Bu jami aholining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili yarim million nafardan ko‘proq yoshlar kirib kelmoqda.
Keltirilgan raqamlar so‘zimiz boshida berilgan savolni yana bir bor yodga soladi. Beixtiyor masala mamlakat miqyosida tasavvur qilinganda qay darajada dolzarb ekanini o‘ylaysiz.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur qaror yoshlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirishga qaratilgan navbatdagi muhim hujjat bo‘ldi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri