Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash – yurt istiqboliga kafolat
10:35 / 2021-01-04

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar butun o‘zbek xalqi, yoshlari qatorida O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalariga ham yanada ko‘tarinki ruh baxsh etdi.

2021 yil mamlakatimizda «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb e’lon qilinishi zimmamizga qator vazifalar yuklaydi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi zamirida, eng avvalo, ularga munosib ta’lim-tarbiya berish vazifasi turadi. Murojaatnomada ta’kidlanganidek, «biz islohotlarimiz ko‘lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz. Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak». Baayni dilimizdagi orzu-umidlar ifodasidir. Ana shunday umidbaxsh orzularga erishish yo‘lida so‘nggi yillarda universitetimiz jamoasi dunyodagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin egallash uchun astoydil kurashga bel bog‘lagan edi.

Yaqinda OAVda «O‘zbekistonning ikki universiteti xalqaro Green Metric reytingidan joy oldi. O‘zMU 500 talikda» sarlavhali xabar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda qayd etilishicha, shu yil 7 dekabr kuni UI Green Metric World University Ranking bo‘yicha dunyo universitetlarining xalqaro reytingi e’lon qilingan. Xalqaro reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti dunyo bo‘yicha 84 ta mamlakatdagi 921 ta universitet orasidan 353-o‘rinni, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi instituti esa 621-o‘rinni egallagani qayd etilgan. Aytish o‘rinliki, O‘zMU 2019 yilda ham UI GreenMetric World University Ranking xalqaro reytingida 374-o‘rinni egallagan edi.

Yana bir quvonchli xabar, Londonda Quacquarelli Symonds xalqaro agentligi tomonidan Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha 2021 yil uchun eng kuchli universitetlar reytingi (QS Emerging Europe and Central Asia University Rankings) e’lon qilindi. Mazkur reytingda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba mamlakatimizning bir yo‘la to‘rtta oliy ta’lim muassasasi eng kuchli universitetlar qatoridan o‘rin egallagani qayd etilgan. Ya’ni, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti (251-300); Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti (351-400);Samarqand davlat universiteti (351-400);Toshkent davlat texnika universiteti (351-400).

QS xalqaro reyting agentligi kuchli universitetlar reytingini tuzishda ularning akademik nufuzi (30%), ish beruvchilar o‘rtasidagi nufuzi (20%), o‘qituvchilar va talabalar miqdori mutanosibligi (10%), professor-o‘qituvchilarning ilmiy faolligi (10%), ilmiy maqolalarning o‘qilishi, ularga nisbatan berilgan iqtiboslar soni (5%), xorijiy o‘qituvchi va xodimlar (2.5%) hamda talabalar (2.5%) ulushi va shu kabi boshqa muhim jihatlar asos qilib olinadi.Reytingni tuzishda dunyoning 102 ming nafardan ortiq olimlar, o‘qituvchi va OTMlar rahbarlari, 52 ming nafardan ziyod ish beruvchi kompaniyalar vakillari, qolaversa, QS mutaxassislari ham ekspert sifatida ishtirok etgan.

So‘nggi yillarda o‘nlab iqtidorli talabalarimiz qator xalqaro fan olimpiadalarida oltin medal sohibiga aylanishayotgani ularning Mirzo Ulug‘bek, al Xorazmiydek buyuk ajdodlarga munosib voris bo‘layotganidan dalolatdir.

Muhtaram Yurtboshimizning mazkur Murojaatnomasida ta’lim sohasi, xususan, oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilgani ayni muddao bo‘ldi. «Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi», degan g‘oyaga monand O‘zMU jamoasi ayni paytda Olmazor tumanidagi o‘nlab maktablarni otaliqqa olib, professor-o‘qituvchilarimiz o‘sha maktab o‘qituvchilari bilan hamkorlikda o‘quvchilarga mahorat darslari o‘tishni boshlagan.

Murojaatnomada oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi, keyingi yildan boshlab, oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazilishi, a’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi borasida ilgari surilgan g‘oyalar, albatta, sohamiz rivojida g‘oyat muhim qadam bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur Murojaatnomasida ilgari surilgan ko‘p g‘oyalar Milliy universitetimiz faoliyatini yanada takomillashtirishda g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Xususan, oliygohlar va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litsey oliy o‘quv yurtlari tasarrufiga o‘tkazilishi, 187 ta texnikum ham o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliygoh va tarmoq korxonalariga biriktirilishi haqidagi fikrlar bizga ham taalluqlidir. Zotan, O‘zMU tasarrufidagi uchta akademik litseyimiz bilan uzviylikni yanada rivojlantirish asosiy vazifalarimizdan biriga aylanmoqda.

Universitetimiz jamoasi nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish borasida yangi-yangi loyihalarni amalga oshiradi.

Murojaatnomada, mamlakat taraqqiyotining zamini, hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalar ekanligi alohida ta’kidlandi.Kelgusi yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkazilishi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshirilishi, ushbu maqsadlar uchun byudjetdan qo‘shimcha 240 milliard so‘m ajratilishi ilm ahliga yanada g‘urur baxsh etadi.

Ilg‘or xalqaro amaliyot asosida, akademik va moliyaviy mustaqillikning shuningdek dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolati o‘z yo‘nalishi bo‘yicha nufuzli bo‘lgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga o‘tkazilishi ilm ahli uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Davlatimiz rahbarining bevosita rahnamoligida oxirgi 4 yilda oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilarining ish haqlari 3 barobardan oshiq ko‘tarildi, ilmiy darajasiga mos ravishda 30 foiz va 60 foizgacha ustama haqlar belgilandi, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Endi biz shuncha yaratilgan sharoitlardan ruhlanib, kelasi yil universitetning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 2500 o‘rinli «Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar» fakulteti o‘quv binosini qurishni, uni zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, shuningdek davlat va xususiy sheriklik asosida 1000 o‘rinli ikkita talabalar turar joyi binosini barpo etishni rajalashtirganmiz. Bu Prezidentimiz ta’biri bilan bilan aytganda «Oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Shuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga» yetkazish bo‘yicha qo‘yilgan ulkan vazifalarni bajarishda o‘zining munosib hissasini qo‘shishiga ishonamiz.

Shuningdek universitetda ta’lim sifatini keskin oshirish hamda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining flagmani sifatida universitetni o‘zini namoyish etish maqsadida quyidagilar strategik vazifalarni belgilab olganmiz:

- Xalqaro ekspertlar va soha mutaxassislari ishtirokida o‘quv jarayoni mazmunini takomillashtirish, shuning bilin birga 2-kurs yakunlariga kura talabalar ilm-fanga, ta’limga va ishlab-chiqarishga yo‘naltirilgan guruhlarga ajratib olinib, maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘quv jarayoni tashkil etish;

- Professor-o‘qituvchilar va doktorantlarimizni rivojlangan mamlakatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishini tashkil etish, hamda universitet o‘quv jarayoniga taniqli xorijiy professorlarni jalb etish, hamkorlikda innovatsion-ilmiy loyihalarni bajarish va ilmiy ishlarimiz samaradorligi oshirish;

- Oliy ta’lim muassasalarining dunyo reytingida 500 talik ro‘yxatiga kiritish uchun “2+500” loyihalarini ishlab chiqish. Bunda Milliy universitet flagman sifatida boshqa OTMlar bilan har bir ko‘rsatkich bo‘yicha reytingda hamkorlikda yuqorilash bo‘yicha «yo‘l xaritasini» ishlab chiqish va amalga oshirish;

- Professor-o‘qituvchilar tarkibini iqtidorli yosh magistrlar va PhD darajalilar hisobidan yoshartirish;

- O‘quv adabiyotlari va elektron ta’lim resurslarining yangi avlodini yaratish;

- Universititning butunlay yangilangan zamonaviy IT infrastrukturasini yaratish, “Smart” auditoriyalari sonini keskin oshirish;

- O‘quv jarayonlarini tashkil etish va boshqarishning to‘liq avtomatlashtirilgan tizimini yaratish.

Muxtasar qilib aytganda, muhtaram Prezidentimizning mazkur Murojaatnomasida ilgari surilgan hayotbaxsh g‘oyalar ta’lim sohasida, umuman, mamlakatimiz taraqqiyotida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilaveradi. Biz ilm ahli ana shu g‘oyalar to‘la-to‘kis amalga oshishida mudom kamarbastamiz.

Avazjon MARAHIMOV,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori