Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash – kelajakka g‘amxo‘rlikning yuksak namunasi
17:13 / 2024-01-16

Mamlakatimizda har bir yilga nom berish va shu masalaga asosiy e’tiborni qaratgan holda davlat dasturini qabul qilish an’anasi mavjud.

Inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini himoya qilish va kuchli iqtisodiyotni barpo etish maqsadida davlat rahbari tomonidan 2024 yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bu aholi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi. Zero, joriy yil davlat dasturida mazkur sohada amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarga oid qator normativ huquqiy hujjatlar qabul qilinishi, chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi.

Ma’lumki, 2023 yil 11 sentyabr kuni qabul qilingan "O‘zbekiston-2030" strategiyasida yoshlar salohiyatini yanada yuksaltirish, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun qator vazifalar belgilandi. Strategiyada yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimi yaratilishi ustuvor maqsad sifatida belgilab qo‘yildi. Bu maqsadga erishish uchun har bir viloyatda 1 tadan “Kreativ park” faoliyatini tashkil etish, ularga yiliga kamida 40 ming yoshni jalb etish vazifasi qo‘yildi. Maktab bitiruvchilari kamida 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb egallashini ta’minlash belgilandi.

Shuningdek, mamlakatimiz yoshlarining dunyoqarashini rivojlantirish, intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida qator ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Jumladan, ilmiy va innovatsion faoliyatga hamda chet tillarini o‘rganishga jalb etish orqali kamida 2 million yoshning iqtidorini rivojlantirish kabi maqsad va marralar ko‘zlangan. Davlat tomonidan yiliga 500 nafar iste’dodli yoshni xorijiy mamlakatlarning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yigit-qizlarning jahon mehnat bozorida raqobatlasha oladigan kadrlar bo‘lib yetishishiga zamin hozirlaydi.

Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yosh kirib kelmoqda, kelgusi 10 yilda mazkur ko‘rsatgich 1 millionga yetishi taxmin qilinmoqda. Yoshlarning bandligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yo‘lidagi ishlar ham jadallashdi. Ularni kasbga tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash dasturlari tasdiqlandi. Mamlakatimiz bo‘ylab kasb-hunar ta’limi markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda 50 dan ortiq kasb-hunarlar o‘rgatilayotgani ertangi kunda yoshlar hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun xizmat qiladi.

Strategiyada 400 ming yoshning bandligini ta’minlash va muammolarini hal etishga erishish, yoshlar ishsizligi darajasini 14 foizdan 11 foizga kamaytirish yuzasidan chora-tadbirlar ham o‘z aksini topgan. Bu borada esa yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash muhim yo‘nalish sifatida tanlandi. 

Oxirgi uch yilda 250 ming yoshga 6 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kredit ajratildi. Mamlakatimiz bo‘yicha 210 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etildi. Yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion so‘mlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada yosh tadbirkorlar soni 2 karra ko‘payib, 200 mingdan oshdi. 43 ming gektar ekin maydoni yoshlarga ajratilib, 435 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 32 mingdan ziyod yoshga subsidiya orqali asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuterlar olib berildi.

Bugungi kunda bilim olishga, zamonaviy kasb-hunar egallashga, turli yo‘nalishlarda iqtidorini namoyon etishga, tadbirkorlik qilishga yaratilgan sharoitlar natijasida yoshlar ko‘plab sohalarda yangi marralarni zabt etmoqda. Xususan, oliy ta’lim tizimida ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buni oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch karra ko‘payib, qamrov darajasi 9 foizdan 42 foizga yetganida ham ko‘rish mumkin. 2030 yilgacha bu ko‘rsatgichni 50 foizga yetkazish maqsad qilingan ekan, ta’lim tizimidagi islohotlar yurtimizda Uchinchi Renessansga poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Shu paytga qadar ham yoshlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash va iqtisodiy, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. Xususan, barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga intiluvchan, tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yoshlar saralab olindi. “Yoshlar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi ikki yilda 798 mingga yaqin yoshga qariyb 1 trillion so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

O‘tgan yili 130 ming talabaga 1 trillion 700 milliard so‘m ta’lim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada o‘qishi bepul bo‘ldi. Ehtiyojmand oilaga mansub 53 ming talabaga o‘qish uchun kontrakt pullari, 15 mingdan ziyod yoshga harbiy xizmat va 13 ming yoshga chet tillar bo‘yicha imtihon xarajatlari to‘lab berildi, 81 ming talabaga uy-joy ijarasi to‘lovi ajratildi. 

Bu sohadagi ishlarni yanada aniq va manzilli tashkil etish maqsadida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 9 million o‘g‘il-qiz alohida e’tiborga olindi. Bunda birinchi marta 25 ta vazirlik va idora ma’lumotlari o‘zaro uyg‘unlashgan elektron bazaga jamlandi. Barcha yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishi o‘rganilib, “mahalladan vazirlikkacha” tizimida ishlash choralari belgilab olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimizning eng katta boyligi, bebaho xazinasi hisoblanmish yoshlarga davlat tarafidan bo‘layotgan e’tibor joriy yil yangi bosqichga ko‘tarilishi, tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatni amalga oshirishida ham samarali ishlar ko‘zda tutilgan.

O.Astanaqulov, 
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori