Ma’lumki, dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi. bugungi kunda yurtimizda yoshlarning bandligi qanchalik ta’minlanayapti?
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Band bo‘lmagan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi «Ishga marhamat» monomarkazi tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishamiz.
«Ishga marhamat» monomarkazida mamlakatimiz fuqarolari, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlik asoslariga o‘qitish, ularni o‘zini o‘zi band qilish orqali oilasiga daromad keltirishi uchun qulay imkoniyat yaratilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha monomarkazda har bir kasbga o‘qitish sohasi nazariy mashg‘ulotlar qismiga 22 soatlik tadbirkorlik asoslari va ishsiz, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga alohida «Tadbirkorlik asoslari» maxsus kurslari kiritilgan.
Unda tadbirkorlikni to‘g‘ri tashkil etish, tadbirkorlik modelini tuzish, tadbirkorlikning ichki va tashqi muhitlarini tahlil qilish hamda o‘zaro bog‘liqligini, daromad olish yo‘llarini va daromadni to‘g‘ri yo‘naltirishni o‘rganish, tadbirkorlik strategiyasi va uning kelajakdagi istiqbollarini belgilash, marketing va logistika tarmoqlarini, mahsulot va xizmatlarni bozorga tayyorlashni o‘rganish borasidagi eng muhim tadbirkorlik saboqlari berib boriladi.
Shuningdek, o‘quv kurslarda tadbirkorlik huquqi va bozor iqtisodiyoti asoslari, biznesni yuritish tartib-taomillari, moliyaviy savodxonlik, soliqqa tortish asoslari, eksport-import operatsiyalari va marketing asoslari o‘qitiladi.
«Ishga marhamat» monomarkazining «Tadbirkorlik asoslari» maxsus kurslari uchun mavzular modul tizimida tuzilgan bo‘lib, o‘quv-uslubiy qo‘llanma orqali dars o‘tiladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining «Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, «Ishga marhamat» monomarkazi tomonidan tinglovchilarga taqdim etiladigan Sertifikat – o‘rta maxsus, kasb-hunar diplomi darajasiga tenglashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik orqali daromadlarini oshirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, "Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor" tamoyili asosida "Yoshlar 1+1" dasturi doirasida Toshkent shahri tumanlaridagi «Temir daftar»ga kiritilgan 30 nafardan ortiq ayollarga Tadbirkorlik asoslari darslarini o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi.
Sertifikatni qo‘lga kiritgan ayollar qo‘llab-quvvatlanadi va ularga bosqichma-bosqich faoliyatlarini boshlashda ko‘mak berib boriladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA