Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarni ishga joylashtirish boʻyicha Toshkent shahar tajribasi
20:53 / 2020-03-11

2019-yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazi aholini kasb-hunarga oʻrgatishda amalga oshirilayotgan samarali loyihalardan biri boʻldi.


Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yoshlar bandligini taʼminlashning Toshkent shahar tajribasi” mavzusida anjuman tashkil etildi.

2019-yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazi aholini kasb-hunarga oʻrgatishda amalga oshirilayotgan samarali loyihalardan biri boʻldi. Muassasada 22 ta kasbga oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, buning uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Markaz yiliga 5 ming 600 kishini oʻqitish imkoniyatiga ega.

photo5424909184136228426.jpg  

Yoshlar “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.

– Bu yerda koʻplab kasblar oʻrgatilishiga guvoh boʻldik, – dedi tumandagi 152-umumtaʼlim maktabi 10-sinf oʻquvchisi Ibrohim Gʻafforov. – Men kelajakda uy-joyni loyihalashtiruvchi arxitektor boʻlmoqchiman. Buning uchun astoydil harakat qilaman. Ushbu monomarkazga kelib, til va kasb-hunar oʻrganish niyatim ham yoʻq emas. 

photo5424893778088537748.jpg  

Monomarkazga kelganlarga avvalo, bandlik masalalari boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatiladi. Doimiy ishga ega boʻlmasa, boʻsh ish oʻrinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan taʼminlanishi ham mumkin.

Shuningdek, kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi oʻquv kurslariga jalb qilinadi. Markazda ingliz, turk, yapon, xitoy, koreys va rus tillarini oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritmoqda. Ushbu kurslarda boshqa mamlakatlarda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga xorijiy tillar oʻrgatiladi. Monomarkaz xizmatidan foydalanayotgan va kasb-hunar oʻrganish istagida murojaat qilayotganlarning koʻpchiligini ayollar tashkil qilmoqda.

photo5424909184136228428.jpg   

Yaqinda Prezidentimiz “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishib, bunday markazlar odamlarning talab bor kasblarni tezda oʻrganib, oʻz ishini topishi uchun juda muhimligini, boʻsh turgan kollej va boshqa binolarni taʼmirlab, Toshkent shahrining har bir tumani, shuningdek, barcha viloyatlarda shunday muassasalar tashkil etish lozimligini taʼkidlagan edi. Ushbu tashabbus 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida oʻz ifodasini topdi.

Dasturda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan 30 ta kollej bazasida, shuningdek, Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari tashkil etilib, ularda birinchi navbatda, ishsiz va kambagʻal oilalar aʼzolarini tadbirkorlik asoslari boʻyicha kasbga oʻqitish belgilandi. Xuddi shu kabi monomarkazlar va kasbga tayyorlash markazlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlarning shahar va tumanlarida ham bosqichma-bosqich tashkil etiladi. 

photo5424909184136228427.jpg  

– Bugungi kunda Toshkent shahrining aholisi 2,4 million kishidan oshdi, – dedi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi raisi Durdona Rahimova. – Shundan 435 ming 397 nafarini yoki aholining 18 foizini 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar tashkil etadi. Ular faoliyati tahlil qilinganda, yoshlarning 1 foizi yoki 5 ming 759 nafari ish bilan band boʻlmagan, ularning 3 ming 37 nafari uyushmagan, 2 ming 51 nafari taʼlim muassasalari va muddatli harbiy xizmatni tamomlab ish topa olmagan, 524 nafari imkoniyati cheklangan va 147 nafari jazoni oʻtash muassasalaridan ozod boʻlgan yoshlarni tashkil etishi aniqlandi. Joriy yilda Toshkent shahar va tumanning 4 ta sektor rahbarlari 5 ming 759 nafar band boʻlmagan yoshning 71 foizini, yaʼni 4 ming 102 nafari bandligini taʼminlashni rejalashtirgan. 

photo5424909184136228429.jpg  

Anjuman doirasida Band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi oʻrtasida oʻzaro xamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandumga koʻra, 2020-2025-yillarda Band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Ishga marhamat” monomarkazi bilan Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi oʻrtasida poytaxtimizdagi ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Anjuman doirasida “Ishga marhamat” monomarkazida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkiloti taʼsis etildi.

photo5424909184136228430.jpg