Yangi oila qurish ostonasida turgan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash maqsadida Yangiyer shahri va Xovos tumanidagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” maktabida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
FHDYO xodimlari, ichki ishlar organlari mas’ullari, huquqshunoslar, otinoyilar, psixologlar, tibbiyot xodimlari ishtirok etgan dars jarayonlari interfaol metodlar asosida olib borildi.

Mashg‘ulotlar davomida «Oila – muqaddas», «Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat», «Oila – jamiyat va davlat himoyasida» va «Farovon oila – jamiyat ravnaqining asosi» kabi konseptual g‘oyalar to‘g‘risida so‘z yuritilib, yosh, nikohlanuvchi shaxslarga oilaviy-huquqiy munosabatlarini o‘rgatish, reproduktiv salomatlik, uni mustahkamlash, oila iqtisodi va oila byudjetini yuritishda muhim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratildi.

–O‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti har bir ishtirokchi uchun nihoyatda foydali bo‘lib, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, yosh oilalarda yuzaga keladigan har xil nizo va huquqbuzarlikning oldini olishda anchayin yordam beradi,–deydi Xovos tumani ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori, katta leytenant Mahliyo Hamrayeva.–Bu boradagi ishni tashkil etishda "Mahalla yettiligi"ning o‘rni nihoyatda katta. Shu boisdan o‘quv mashg‘ulotlari davomida yosh oilalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oilaviy nizolarning oldini olish maqsadida "Mahalla yettiligi" bilan hamkorlikda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, unga yosh, turmush qurish ostonasida turgan yigit va qizlar, ularning yaqinlarini ham jalb etish bo‘yicha muhim masalalar, rejalar belgilab olindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri