Ma’lumki, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 29 yilligi hamda vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligi bo‘lib o‘tmoqda.
Vatanparvarlik oyligi doirasida joylarda yoshlarni harbiy xizmatga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, qalbida yurtga mehr, sadoqat tuyg‘ularini yanada jonlantirish maqsadida tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi tashabbusi bilan Navoiy shahar hokimligi va Ichki ishlar vazirligi Qorovul Qo‘shinlariga qarashli 7532-sonli harbiy qism hamkorligida oylik “Vatanga sodiq farzand bo‘laylik” shiori ostida harbiy-ma’rifiy tadbir hamda “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.
Navoiy shahardagi mahallalar faollari, 1- va 7- umumta’lim maktablari harbiy sinfi hamda IIV huzuridagi akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev hamda harbiy qism komandiri podpolkovnik Safarali Sadatov so‘zga chiqib, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mudofaa tizimida olib borilayotgan islohotlar, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Uchrashuvda 7532-sonli harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar ijro tilib, askarlarning jangovar chiqishlari, safda yurish va turli sport musobaqalari tashkil etildi.
14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan harbiy xizmatdagi namunali hulqi va faolligi uchun bir guruh muddatli harbiy xizmatchilar hamda tadbirning faol ishtirokchilari “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi hamda Navoiy shahar hokimligining “Maqtov yorlig‘i” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir so‘ngida “Ochiq eshiklar kuni” munosabati bilan harbiy texnika va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Abduvali BO‘RIEV, O‘zA