Qaror va ijro
Prezidentimizning 2025 yil 29 iyuldagi qaroriga asosan Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilindi. Uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.
Universitetning bugungi faoliyati xususida Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Farhodjon SHERMATOVning fikrlariga qiziqdik.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Bosh Qo‘mondonimiz Shavkat Mirziyoyevning mazkur qarori bilan Mudofaa vazirligining barcha harbiy ta’lim muassasalari – 5 ta institut, Serjantlar tayyorlash oliy maktabi hamda Aviatsiya va uchuvchisiz uchish apparatlari mutaxassislarini tayyorlash markazi institut maqomida universitet tarkibiga o‘tkazildi. Bu esa, markazlashgan vertikal tizimni hosil qilib, qo‘shinlarning jangovar salohiyatini yanada oshirish, dual ta’limni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi, – dedi F. Shermatov. – Yangiliklardan yana biri – tor doiradagi ixtisosliklar bo‘yicha “2+2” tartibi yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni, psixolog, aloqachi, ta’minotchi, omborchi kabi 18 xil yondosh soha mutaxassislari boshqa oliy ta’lim muassasalarining ikkinchi bosqich talabalari orasidan saralab olinadi.
[gallery-26099]
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, ushbu o‘quv yilidan boshlab, bitiruvchi bosqich kursantlari uchun tanlov asosida “Oliy Bosh Qo‘mondon” davlat stipendiyasi beriladi. Mazkur stipendiya sohibi bakalavriatni tamomlaganidan so‘ng besh yil mobaynida oliy harbiy ta’lim muassasalarining magistraturasiga imtihonlarsiz qabul qilinadi. Oliy harbiy ta’lim muassasalarining 36 ta ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari biryo‘la ikkita diplom – fuqarolik va harbiy kasbga mo‘ljallangan mutaxassislik egasi bo‘ladi. Bu ularga harbiy xizmatdan keyin ham faol ishlash imkonini beradi.
Qurolli Kuchlar akademiyasini isloh qilish va uning negizida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etish jarayonida bir qator yangi kafedra va markazlar tashkil etildi.
Universitet ichida 4 ta hamda okruglarda 6 ta okrug fakultetlar faoliyat yurita boshladi. Harbiy xavfsizlik bosh shtabi fakulteti, Umumqo‘shin fakulteti kabilar shular jumlasidandir. Umumqo‘shin fakulteti (bakalavriat) bitiruvchilariga leytenant harbiy unvoni, oliy ma’lumotli mutaxassis diplomi va haydovchilik guvohnomasi beriladi.
Xorijiy harbiy kadrlarni tayyorlash fakultetida – 100 dan ortiq xorijliklar magistratura, bakalavriat, harbiy professor-o‘qituvchilar (doktorantura, mustaqil izlanuvchilar) malakasini oshirish kurslari, oliy ta’limdan keyingi ta’limda tahsil oladi.
Bundan tashqari, Chegara faoliyati fakulteti ham mavjud. Umumqo‘shin fakultetida esa motoo‘qchi va chegara bo‘linmalari komandiri, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar taktik qo‘mondonligi ofitserlari, qo‘shinlar front orti taktik qo‘mondonligi, Kimyo qo‘shinlari taktik qo‘mondonligi, IIV qo‘shinlarining taktik qo‘mondonligi hamda harbiy psixolog mutaxassisliklari bo‘yicha ofitserlar tayyorlanadi.
Bugungi kunda universitetda bir qator xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan kursant va ofitserlar bakalavriat, magistratura va tayanch doktoranturada tahsil olmoqdalar, shuningdek, xorijiy harbiy pedagog kadrlarni malakasini oshirish amalga oshirilmoqda.
Shiddat bilan taraqqiyot sari odimlayotgan davrda qaysi soha bo‘lmasin, zamonaviy ilmlarni sifatli egallashga asos bo‘luvchi vositalarning o‘rni beqiyos ahamiyatga egadir. Shunga hamohang, universitetning o‘quv-moddiy bazasi, o‘quv auditoriyalari eng so‘nggi texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan zamonaviy trenajyorlar, laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikalari bilan jihozlangan.
Kursant va tinglovchilarning yashashi va dam olishi uchun shinam va ko‘rkam yotoqxonalar, yopiq suv havzasi, zallar, madaniy hordiq markazi va oshxona faoliyat yuritmoqda. Bu kabi keng imkoniyatlar Vatanimizning bo‘lajak himoyachilari sidqidildan, qunt bilan soha sirlarini o‘zlashtirishlarida asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yildagi “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori qabul qilingan. Shunga muvofiq mamlakatimizda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, ular ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Shu o‘rinda savol tug‘iladi, oliy harbiy ta’lim muassasasi kursanti qanday imkoniyat va imtiyozlarga ega bo‘ladi?
– Avvalo,100 foizlik davlat granti asosida ta’lim oladi, bepul oliy ta’lim olish bilan birga, o‘qish davomida har oy stipendiya ham beriladi. Masalan, har bir semestrni “qoniqarli” baholarga tamomlansa, har oy o‘rtacha 1 million so‘m miqdorida, “yaxshi” bahoga tamomlasa, har oy o‘rtacha 1 million 200 ming so‘m miqdorida, “a’lo” bahoga tamomlasa, har oy o‘rtacha 1 million 500 ming so‘m miqdorida stipendiya oladi.
Harbiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligi yuz foiz ta’minlanadi. Ularga leytenant harbiy unvoni, oliy ma’lumotli mutaxassis diplomi va haydovchilik guvohnomasi beriladi. Kursant va tinglovchilar uchun bir yilda ikki marotaba – qishda 15 kun, yozda esa bir oy ta’til beriladi. Bu vaqtda viloyatlarga borish uchun bepul temir yo‘lga chiptalar taqdim etiladi. O‘qish davomida esa har olti oyda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shahar transport vositalarida bepul yurish, muzey, ko‘ngilochar va madaniy maskanlarga kirish imkoniyati ham shular jumlasidan sanaladi. O‘qish davomida esa har hafta mana shunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Universitet kursantlari orasidan qora belbog‘ sohiblari, sport ustaligiga nomzodlar, sport ustasi va Respublika terma jamoalari safiga a’zolar sonini oshirish maqsadida ommaviy ravishda sharq yakkakurashlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan. Ya’ni har bir kurs bitta sport turiga ixtisoslashtirilgan. Xususan, birinchi bosqich karate, ikkinchi bosqich taekvondo, uchinchi bosqich boks va o‘zbek jang san’ati, to‘rtinchi bosqich kursantlari esa armiya qo‘l jangiga ixtisoslashtirilgan.
Muassasada ikkinchi kursdan boshlab chet elda tajriba almashish, malaka oshirish va o‘qib kelish imkoniyati ham yaratilgan. Chunki kursantlar o‘qish jarayonida chet tillarini o‘rganish imkoniyatiga ega. Rus va ingliz tillari shular jumlasiga kiradi.
Yana bir jihat, Mudofaa vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, harbiy ta’lim tizimini zamonaviy talablarga muvofiq takomillashtirish jarayonlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida universitetida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-turlar tashkil etiladi.
Unda ishtirokchilar o‘quv-moddiy baza va auditoriyalarda bo‘lib, yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnologiyalar, laboratoriyalar, ilg‘or asbob-uskunalar va kompyuter texnikalari bilan tanishadi. Bu harbiy ta’limning ahamiyatini yoshlarga yetkazishda muhim asos sanaladi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV (surat),
O‘zA