Ma’lumki, davlatimiz rahbarining shu yil 30 iyun kuni yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yil yakuniga qadar “Yoshlarni eshitamiz” platformasi orqali yoshlar hayotiga daxldor masalalar yuzasidan ochiq muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yaqinda boshlangan “Yoshlarni eshitamiz” ochiq muloqotlarida allaqachon 700 dan ortiq murojaat qabul qilindi. Bu, yoshlar o‘z fikrini aytishga, jamiyatda o‘z o‘rnini belgilashga tayyor ekanining isboti.

Har bir uchrashuvda mas’ul rahbarlar qatnashib, yoshlar bilan bevosita muloqot qiladi, ularning takliflari, g‘oyalari va muammolarini tinglaydi.

Poytaxtimizda tashkil etilgan navbatdagi uchrashuv fuqarolik jamiyati institutlari va volontyor yoshlar bilan o‘tdi. Muloqotda nafaqat muammolar, balki yechimlar, yangi tashabbuslar ham ilgari surildi. Faol yoshlar uchun amaliy qo‘llab-quvvatlovlar e’lon qilindi — bu esa yoshlarning g‘ayrati, ezgulik sari intilishi yanada kuchayishini bildiradi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har 9 kishidan biri volontyorlik bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda esa bu faoliyat 2019 yildagi “Volontyorlik to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan.

“Yoshlarni eshitamiz” — bu faqat tinglash emas, bu harakat, ishonch, imkoniyat.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA