Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarni ekstremistik axborotlardan himoya qilish va tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligi oshadi
10:40 / 2024-11-07

Axborot-kommunikatsiya tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali tashqi kuchlar tomonidan mamlakatimizni obro‘sizlantirish va konstitutsiyaviy tuzumga qarshi olib borilayotgan targ‘ibotlarning oldini olish dolzarb masala hisoblanadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli raqamlashtirish jarayonida ijtimoiy-iqtisodiy sohalar bilan bir qatorda tezkor-qidiruv faoliyatiga ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda telekommunikatsiyalar operatorlariga soliq va bojxona imtiyozlari belgilangan.  

– Shu bilan birga, kiberxavfsizlikni ta’minlash, ayniqsa, yoshlarni internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan ekstremistik axborotlardan himoya qilish va tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirish maqsadida bu imtiyozlarni kengaytirish zaruriyati paydo bo‘ldi, – dedi Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq hamda Bojxona kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 

2024 yil 6 noyabrda kuchga kirgan qonun bilan Soliq kodeksiga maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalarining respublika hududiga olib kirilishini soliq solishdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, amaldagi Soliq kodeksining 246-moddasida maxsus vakolatli davlat organining yozma shakldagi tasdig‘i mavjud bo‘lgan taqdirda, telekommunikatsiyalar operatorlari va tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalarini sertifikatlashtirish bo‘yicha maxsus organ tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilishi belgilangan edi.  

Qonun bilan kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq ushbu soliq imtiyozi maxsus vakolatli organga ham tatbiq etilishi belgilandi.  

Soliq kodeksining 284-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan “maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalari” aksiz solig‘i ob’ekti hisoblanmasligi, ya’ni soliqdan ozod qilinishi belgilandi.  

Bojxona kodeksiga yuqorida ko‘rsatilgan texnik vositalarni boj to‘lashdan ozod qilish tarzida tarif imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi. Xususan, Bojxona kodeksining 297-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga muvofiq, maxsus vakolatli davlat organi tomonidan olinadigan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining texnik vositalariga nisbatan Bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozi berilishi belgilandi.  

Shundan kelib chiqib, Bojxona kodeksining 299-moddasiga ham “harbiy xizmat nazarda tutilgan boshqa idoralar harbiy yuklarining bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imini to‘lashdan ozod qilinadi”, deb belgilandi.  

Qonun belgilangan soliq va bojxona imtiyozlaridan tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlarining texnik vositalarini respublika hududiga olib kirishda foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga hamda tezkor-qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.  

Norgul Abduraimova,  

O‘zA