Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarimizni o‘zimiz o‘qitmasak, hech kim kelib bizga o‘qitib bermaydi – Shavkat Mirziyoyev
20:22 / 2021-04-30

30 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda vazirlik va tarmoqlar rahbarlari, barcha hokimlar ishtirok etdi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari hududlarda yangi mahalliy sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha har biri kamida 100 million dollarlik loyihalarni shakllantirib, Bosh vazir o‘rinbosari huzurida taqdimot qilishi aytildi.

Eng katta masala – o‘tgan haftada Navoiy shahrida yirik korxonalar ishtirokida o‘tkazilgan sanoat yarmarkasi tajribasidan kelib chiqib, bundan buyon har oyda 2 tadan hududda sanoat yarmarkalari o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda mahalliy sanoat mahsulotlarining sifati ichki va tashqi bozor talablariga mos kelishi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bois, “O‘zstandart” agentligiga 24 ta ixtisoslashgan tumanda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etib, xalqaro sifat talablari va standartlarga o‘rgatish tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Prezident joriy yil 1 iyuldan boshlab, yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga xalqaro standartlarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi qoplab berilishini ta’kidladi. Bunda sertifikat talab qilinadigan qurilish materiallari ro‘yxati 3 baravarga qisqartiriladi (hozirgi 49 tadan 16 tagacha).

Videoselektorda hududiy sanoatni rivojlantirishga asosiy to‘siqlardan biri – joylarda malakali muhandislar va texnologlar yetishmasligi aytib o‘tildi.

- Shunday bo‘lsa-da, ochig‘ini aytishim kerak, o‘tgan hafta “Texnopark”da yoshlarimiz eng zamonaviy dastgohlarda bemalol ishlatayotganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Hozir qurilish materiallari sohasida kamida 10 ming malakali (texnolog, muhandis, energetik) hamda 40 ming nafar ishchi kasb mutaxassislariga ehtiyoj mavjud. Lekin, bunda 15 ta muhandis-texnik oliygohlarning o‘rni sezilmayapti, - dedi Prezident.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Toshkent kimyo texnologiya institutida joriy yil 1 sentyabrga qadar Germaniya va Rossiyaning nufuzli universitetlari bilan birga, 5 ta yangi yo‘nalishda o‘qitishni tashkil etish, shuningdek, viloyatlar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo‘nalish va sanoat tarmoqlari uchun xorijiy oliygohlar bilan birga muhandis va texnologlar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga mahalliy sanoat uchun ishchi kasblar bo‘yicha yiliga kamida 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Yoshlarimizni o‘zimiz o‘qitmasak, hech kim kelib bizga o‘qitib bermaydi. Umuman olganda, mahalliy sanoatni rivojlantirish viloyat, tuman va shahar hokimlarining, “temir daftar” kabi, eng ustuvor vazifasiga aylanishi shart va zarur, – Shavkat Mirziyoyev.

O‘zA