Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarimizni jaholatdan asraylik
11:21 / 2025-11-25

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida yoshlarni giyohvandlik va ekstremistik oqimlar ta’siridan ogoh etishga qaratilgan huquqiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

IIV akademiyasi magistraturasi bilan hamkorlikda tashkil qilingan uchrashuvda texnikum rahbariyati, o‘quvchi yoshlar va o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, kelajak avlodlar taqdiri yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar, shu bilan birga, yoshlar ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatayotgan illatlar, ularning oldini olish choralari va huquqiy oqibatlari haqida so‘z bordi.

Magistratura tinglovchilari so‘zga chiqib, yoshlar tomonidan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va diniy aqidaparastlik bilan bog‘liq sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning asl omillari, mamlakatimiz qonunchiligida bu turdagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan javobgarlik masalalariga atroflicha to‘xtaldi.

– Eng achinarlisi, aksariyat yoshlarimiz o‘z qilmishining oqibatini o‘ylamagan holda jinoyatga qo‘l urmoqda. Shuning uchun yoshlar ta’lim-tarbiyasida “oila – mahalla – ta’lim muassasalari” hamkorligini kuchaytirish, huquqiy-ma’rifiy targ‘ibotlar orqali ularning ongi va qalbiga kirib borishimiz zarur, – deydi podpolkovnik Azimjon Xoliqov.

Targ‘ibot davomida amaldagi qonunchilikda belgilangan normalar, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan qo‘shimchalar, davlatimiz rahbarining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni bilan amaliyotga joriy qilingan mexanizmlar haqida tushuncha berildi. Yoshlar internet tarmog‘i va boshqa omillar tufayli yuzaga kelayotgan xavf-xatarlardan ogoh bo‘lishi, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini oshirib borishi lozimligi ta’kidlandi. 

Aytish joizki, bu kabi targ‘ibot tadbirlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda poytaxtimiz hamda Toshkent viloyatidagi o‘quv muassasalarida tashkil qilinmoqda. 

Jamshid XOLOV,

IIV akademiyasi Axborot xizmati