Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlari vatanparvar yurt qudratli bo‘ladi
10:00 / 2022-04-16

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Vatanimiz mudofaa qudratini mustahkamlab, armiya va xalq birligini ta’minlash  tamomila yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayonda tinchligimiz qo‘riqchilari ishtirokida harbiy qismlar, mahallalar, ta’lim muassasalarida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.

Yosh avlod zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizning mudofaa qobiliyati haqida aniq tasavvurlarga ega bo‘lmoqda. Prezidentimizning joriy yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo hamkorlikni ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlari bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirmoqda.

Mudofaa vazirligining Kakaydi garnizoni boshlig‘i boshchiligida Jarqo‘rg‘on tumanidagi 36-umumta’lim maktabda o‘tkazilgan “Milliy armiyamiz – yoshlar nigohida” shiori ostidagi harbiy vatanparvarlik festivali ham o‘g‘il-qizlarni Vatanga muhabbat, yurtimizga sodiq qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Festival orkestr kuy sadolari ostida harbiy qism “Vatanparvarlik” karvonining ko‘chalar bo‘ylab yurishidan boshlandi. 

Maktabda besh yuzga yaqin o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Harbiy qism bilan keyingi yillarda o‘rnatilgan mustahkam aloqalar o‘quvchilarning harbiy vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlab, chuqur bilim olish, jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol bo‘lib ulg‘ayishga undamoqda. Hayotini shu sohaga bag‘ishlash istagi paydo bo‘layotgan o‘g‘lonlar safi kengayayotir. 

–Ta’lim muassasamizda o‘quvchilarning har taraflama barkamol ulg‘ayishi, sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori Panji Haydarov.– Internetga ulangan. So‘nggi yillarda tinch turmushimiz qo‘riqchilari bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan turli tadbirlar o‘quvchilarimizning harbiy bo‘lishga qiziqish va intilishini yanada oshirayotir. Mana, o‘tgan yili bitiruvchilarimizning uch nafari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi. Bu yilgi bitiruvchilarimizning yetti nafari harbiy bo‘lish istagini bildirgan. Bularning barchasi armiya va xalq birligi ta’minlanayotganining amaldagi samarasidir.

Harbiy vatanparvarlik festivali doirasida harbiylar va o‘quvchi-yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi. Unda harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Ma’rufjon Olimov Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiylar va ularning oila a’zolariga yaratilayotgan sharoitlar, berilayotgan imtiyozlar, oliy harbiy bilim yurtlari hususida atroflicha ma’lumot berdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

 –Shu yil o‘qishni tugataman, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Najmiddin Norbekov.–Bolaligimdan harbiy bo‘lishga ishtiyoqim bor. Ota-onam ham ofitser bo‘lishimni xohlashadi. Shu maqsadda a’lo baholarga o‘qiyapman. Harbiylar hayoti va harbiy texnikalarimiz bilan yaqindan tanishayotganimiz o‘z orzuim va ota-onam istaklarini ruyobga chiqarishga undamoqda. bugungi tadbir bu ishtiyoqimni yanada mustahkamladi. 

Harbiylar va o‘quvchi-yoshlarning o‘zaro fikr almashib, harbiy xizmatchilar hayotini o‘rganishida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tagan festival ishtirokchilari zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan yaqindan tanishdi. Vatanimiz qo‘riqchilarining jangovar ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Harbiy orkestr jamoasi va havaskor harbiy baxshilar, hofizlar dostonlardan parchalar, terma va diltor qo‘shiqlar ijro etib, maktab o‘quvchilariga bayramona kayfiyat ulashdi. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, 

O‘zA muxbiri