Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlari vatanparvar yurt osoyishta, obod bo‘ladi
15:49 / 2024-02-02

Mudofaa vazirligining Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondonligi Sariosiyo tumani hokimligi bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etdi.

Surxondaryo viloyatining olis, tog‘li tumani markazida harbiy orkestr jamoasining chiqishlari va tinchligimiz posbonlarining saf yurishlari bilan boshlangan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e’tiborning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi. Qurolli Kuchlarimizda yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning dunyoda beqaror vaziyat hukm surayotgan bir paytda Vatanimizda tinchlik va to‘kinlikni ta’minlashdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi. 

[gallery-15746]

Yoshlarning harbiy sohaga qiziqish va intilishini yanada oshirib, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash, ularning muqaddas ona tuprog‘imizga mehrini yuksaltirishga yo‘naltirilgan festivalda navqiron avlod vakillarining yurtimizda olib borilayotgan islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoitlarga ham e’tibor qaratildi. 

Tumandagi harbiy qismlardan birida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida tosh ko‘tarish, arqon tortish kabi sport musobaqalari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining harbiy estafeta sport musobaqasi namoyish etildi. 

Festival yakunida umumta’lim maktablari o‘quvchilariga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari va guvohnomalari topshirildi. Sport bellashuvlarida g‘olib bo‘lgan eng epchil va chaqqon yoshlar munosib rag‘batlantirilib, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri