Mamlakatimizda keyingi yillarda yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash, navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishiga ko‘maklashish yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezidentimiz raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur masalaning yana kun tartibiga olib chiqilgani O‘zbekistonda boshlanayotgan yangi davr yoshlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan bir paytda davlatimiz rahbarining bevosita yoshlar muammolariga jiddiy e’tibor qaratayotgani mamlakatimizning jahon miqyosida obru-e’tibori va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilib, tinch, farovon Vatanimizni yuksaltirishda muhim o‘rin tutadi. Buyuk ajdodlarimiz an’analarini davom ettirib, milliy qadriyatlarimizni e’zozlashga o‘rgatadi. Yurt osoyishtaligi, xalqimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi uchun ko‘kragini qalqon qiladigan mard, jasur o‘g‘lonlarni tarbiyalashga ko‘maklashadi.
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev mazkur yig‘ilishda yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish borasida bizning oldimizga ham muhim vazifalarni qo‘ydi. Shunga muvofiq harbiy qismimiz joylashgan Sariosiyo tumanidagi yigit-qizlarning baxtli kamoloti uchun barcha imkoniyatlarni ishga solib, ular bilan hamkorlik aloqalarimizni yanada mustahkamlaymiz.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta muhim tashabbus doirasida harbiy xizmatchilarimizning tuman yoshlari bilan turli tadbirlar tashkil etishi ajoyib an’anaga aylangan. Jumladan, ushbu videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tgan kunda harbiy qismda ish boshlagan o‘quvchi-yoshlar uchun chavandozlik va merganlik yo‘nalishi to‘garaklari ham bunga yaqqol dalildir. Tumandagi 2-, 3-, 47- umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun tashkil etilgan ushbu to‘garaklarda chavandozlik va merganlik mahoratlarini oshirish imkoniyati yaratildi. O‘quvchilar mashg‘ulotlar chog‘ida eng malakali harbiy xizmatchilardan chavandozlik sirlarini o‘rganib, otliq bo‘linmaning vazifalari va harbiy xizmatdagi o‘rni haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘ladi. Shuningdek, TOZ-8 qurolidan o‘q otishni o‘rganib, dala mashg‘ulotlariga chiqmasdan to‘g‘ri nishonga olish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari yosh avlodni Vatanga muhabbat, bebaho qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash va buning uchun bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga e’tiborimizni qaratar ekan, yoshlarni jilovlasak, jinoyat bo‘lmaydi, deya aytgan gaplarida chuqur ma’no bor. Zero, axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bizning asrimizda yosh avlod muammolari dunyoda dolzarb masalalardan biriga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Bu jarayonda bizning mamlakatimizda yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshqarish umummilliy harakatga aylanayotganidan har qancha faxrlansak arziydi. Chunki, yoshlari baxtiyor mamlakat obod va osuda bo‘ladi.
Harbiy qismimizda yosh avlod uchun tashkil etilayotgan ochiq eshiklar kuni, turli sport musobaqalari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar ana shunday ulug‘ maqsadga yo‘naltirilgan. Kecha ilk faoliyatini boshlagan to‘garaklarimiz ham yoshlarda chavandozlik va merganlikka intilish, qiziqish juda baland ekanini ko‘rsatdi. Endilikda bu to‘garaklarga tumandagi barcha umumta’lim maktablari o‘quvchilarini jalb etishni rejalashtirib oldik. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dunyoqarashini kengaytirib, ma’naviy olamini boyitish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashishdan iborat.
Behzod RAHIMOV,
Harbiy qism komandirining tarbiyaviy
va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik