Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga zamonaviy bilim berishda Germaniya tajribasi o‘rganildi
17:06 / 2025-11-12

Ma’lumki, Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari Germaniyada bo‘lib, O‘zbekistonda kasbiy ta’limni rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova safar xususida quyidagilarni ma’lum qildi.

–Germaniyaga xizmat safarimizdan ikkita asosiy maqsad ko‘zlangan edi, – dedi Dilnoza Kattaxonova. – Birinchisi, volontyorlikni rivojlantirish. Xususan, biz bosh qarorgohi Germaniyaning Bonn shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Volontyorlar tuzilmasi rahbari o‘rinbosari Andrey Pogrebnyak va jamoasi bilan uchrashdik.

O‘zbekiston yoshlari endi UN Volunteers (UNV) dasturi orqali davlat tomonidan to‘liq moliyalashtiriladigan xalqaro missiyalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega.

–Bu O‘zbekiston uchun qay darajada muhim?

– Ko‘ngillilik nafaqat ijtimoiy faoliyat, balki yoshlar uchun kasbiy salohiyat, rahbarlik va davlat xizmati ko‘nikmalarini rivojlantirish mexanizmi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ko‘ngillilik 92 foiz volontyorlarning shaxsiy rivojlanishiga xizmat qilgan. Eng muhimi, Ko‘ngillilik dasturi qatnashchilarining 85 foizi BMT tizimida faoliyatini davom ettiradi, 53 foizi esa ishga qabul qilinadi, ya’ni dastur muhim tramplin vazifasini ham o‘taydi.  

UN Volunteers (UNV) global kadrlar zaxirasini shakllantirib, "Full funding" dasturi doirasida ishtirokchi davlatlar fuqarolarini to‘lovli xalqaro missiyalarga yo‘naltiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, UNV  "Full funding" dasturi 2024 yilda 14 ming 631 nafar volontyorlarni BMT tizimiga jalb qilgan.  

Dasturni 2024 yilda moliyalashtirgan mamlakatlar bu - Avstraliya, Xitoy, Finlyandiya, Shvetsiya, Shveysariya, Fransiya, Ispaniya, Lyuksemburg, Norvegiya, Chexiya, Islandiya, Irlandiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Saudiya Arabistoni hamda Nigeriya davlatlari.

O‘zbekistonning BMT maxsus ko‘ngillilik fondida ishtiroki yoshlarga xalqaro maydonda tizimli tayyorgarlik va ish tajribasini olish imkonini beradi.

O‘zbekistonda volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish milliy dasturini shakllantirish, yosh mutaxassislarni UNV missiyalariga yuborish, UNV  tajribasi asosida milliy amaliyot va ko‘ngillilik (volontyorlik) modelini davlat xizmati tizimiga kiritish va buning uchun UNV ekspertlarini jalb etish, shuningdek, mamlakatimizning Global Index of Volunteer Engagement (GIVE)da ishtirokini ta’minlash yurtimizni yetakchi pozitsiyaga olib chiqishi mumkin.

Maqsadimiz O‘zbekiston yoshlari xalqaro tashkilotlarda munosib pozitsiyalarni egallashlari, zamonaviy bilim va tajriba olishlari va qaytib kelib mamlakatimizda yangi bilimlarni tatbiq etishlari uchun sharoit yaratish.

Ko‘ngillilik nafaqat jamiyatga yordam, bu inson kapitali, diplomatik salohiyat va mamlakat kelajagiga sarmoya.

Safarimizning ikkinchi muhim yo‘nalishida biz Germaniyaning yetakchi davlat va ta’lim muassasalari, ish beruvchilar tashkilotlari, kasb-hunar va savdo palatalari, o‘quv markazlari vakillari bilan uchrashdik. Nemis tilidan B1 sertifikatini qo‘lga kiritib, tibbiyot, gastronomiya, mehmonxona xo‘jaligi kabi sohalarda kasbiy ta’limga joriy yilda jalb etilgan bir guruh yoshlar bilan muloqot qildik.

Bundan maqsad yoshlarimizni zamonaviy kasb ko‘nikmalari bilan ta’minlash, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlashdan iborat.

Germaniya tajribasining ustunliklari shundaki, talaba bir vaqtning o‘zida o‘qiydi va ishlaydi. Ish beruvchilar ta’lim jarayoniga bevosita jalb etilgan. Bitiruvchilarning bandlik darajasi juda yuqori. Bu model Germaniyani dunyoda eng kuchli kasbiy ta’lim tizimiga ega davlatlardan biriga aylantirgan.

Kelishuvlar va rejalashtirilgan qadamlar Germaniya tajribasi asosida kasbiy ta’lim modelini kengaytirish, ish beruvchilar bilan amaliy dasturlarni joriy etish, O‘zbekiston yoshlari uchun stajirovkalar va malaka oshirish dasturlarini ochishdan iborat bo‘ldi.

Shuningdek, Germaniyaning nufuzli hamkorlari bilan qo‘shma loyihalar tuzildi. Maqsad yoshlarga o‘quv jarayonidayoq

ish tajribasi, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalari va raqobatbardosh bilim berish.

O‘zbekiston yoshlariga o‘qib, ishlab, o‘sish va dunyo tajribasini o‘zlashtirish imkoniyatlari yanada kengayadi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA