Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga xorijiy tillarni o‘rganishi uchun subsidiya beriladi
17:49 / 2022-06-08

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yordam turlari ko‘rsatiladi. Moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bir martalik moddiy yordam (BHMning 4 baravarigacha) beriladi. Yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismi (bir oygacha BHMning 4, bir oydan ikki oygacha BHMning 8, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun BHMning 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi) qoplab beriladi. 

Tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yoshlarga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. 

Respublikadagi professional ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan, shuningdek, O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarinnig bir qismi qoplab beriladi. 

Yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalar sohasi va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim tashkilotining 3 oy muddatgacha noturar joy ijara xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi. 

Nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yoshlarga yakka tartibdagi o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi. 

Nizomga ko‘ra, yoshlarga subsidiyalar ajratiladi. Ya’ni 0,1 gektardan 1 gektargacha yer maydoni ajratilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha, tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya ajratiladi. 

Shuningdek, yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha, yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 1 baravarigacha subsidiya beriladi. 

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha, ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratilishi belgilangan. 

O‘zA