English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘rgatildi
16:28 / 2025-06-04

Samarqand shahrida Global yoshlar festivali doirasida “Tadbirkorlik haftaligi” o‘tkazilmoqda.

Yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish, ularni biznes imkoniyatlari bilan tanishtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbir doirasida “Biznes marafon” tashkil etildi.  

“Yuksalish” harakati asoschisi Muhammadali Eshonqulov, pokistonlik tadbirkor Amnah Seda, “MFaktor” asoschisi Husan Mamasaidov, “FIntellect” loyihasi asoschisi Tamilla Qurbonova, O‘zbekistonning birinchi metallurg ayoli Gulbahor Tojimirzayeva hamda boshqa taniqli ishbilarmonlar yoshlarga biznesga kirib kelishlari va bu boradagi tajribalari haqida gapirib berdilar. Tinglovchi yoshlarga real keyslar, muvaffaqiyat strategiyalari va startaplarni rivojlantirish masalalari tushuntirildi.

– Xato qilishdan qo‘rqmaslik kerak, – deydi Gulbahor Tojimirzayeva. – Mag‘lubiyat muvaffaqiyat uchun qo‘yilgan qadam ekanligi isbotlangan. O‘zim 17 yoshimda, bundan 15 yil avval oliy o‘quv yurtiga kirolmay muvaffaqiyatsizlikka uchraganman. Bundan tushkunlikka tushmaganman, aksincha o‘qish uchun Xitoyga yo‘l olganman. Talabalik davrimda metallurgiya yo‘nalishida faoliyat olib boradigan xitoylik tadbirkor bilan tanishib, uni yurtimizga taklif qildim. Hamkorim bu yerdagi imkoniyatlarni o‘rganib, investitsiya kiritdi. Shu sababli 25 yoshimda katta bir tadbirkorga, O‘zbekistonda yagona metallurg ayolga aylandim. 

“Biznes marafon”da qatnashgan tadbirkorlar samarqandlik yoshlarni qiziqtirgan savollarga  atroflicha javob qaytardi.

Tadbirlar doirasida “O‘zbekiston – Pokiston yosh tadbirkorlar forumi” va “O‘zbekiston – Xitoy yoshlar forumi” ham bo‘lib o‘tdi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari