Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining navbatdan tashqari hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Kengaytirilgan formatda, boshqarmaning hududlardagi tarkibiy bo‘linmalari vakillari, maktabgacha va maktablar rahbarlari ishtirokida videokonferensiya tizimi orqali tanqidiy-tahliliy tarzda tashkil etilgan tadbirda bir qator mavzular ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi G‘ayrat Hamroyev hudud bo‘yicha tizimda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Xususan, o‘tgan yil boshidan 3 ta davlat xususiy sheriklik asosidagi, 10 ta xususiy, 280 ta oilaviy bog‘chalar tashkil etildi. Natijada 3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 69 foizdan 73,3 foizga ko‘tarildi. Maktab ta’limi tizimida 2024 yil 11-sinfni 29 ming 943 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 22 ming 936 nafari oliygohlarga hujjat topshirgan va 40 foiz yoshlar talabalikka qabul qilindi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshkent viloyati Respublika reytingida 11 o‘ringa ko‘tarildi.

Shuningdek, Respublika tadbirlarida ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritildi. Misol uchun, fan olimpiadalarining Respublika bosqichida biologiya fanidan bir nafar o‘quvchi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. “Jadidlar izidan” ko‘rik tanlovining Respublika bosqichida Piskent va Bekobod tumani o‘quvchilari munosib qatnashdi. Jumladan, Bo‘stonliq tumani 1-maktab o‘quvchisi Ruslan Rahimjonov Peru davlatining Lima shahrida sportning og‘ir atletika turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Yig‘ilishda yutuqlar bilan birga, tizimda ko‘z yumib bo‘lmaydigan kamchiliklar mavjudligi ham aytildi. Xususan, asosiy fan olimpiadasi tuman-shahar va viloyat bosqichlari sarhisobi doirasida, maktabgacha ta’lim tizimidagi, ta’lim sifatini oshirish, topshiriq va vazifalarga panja orasidan qarash holatlari ham tilga olindi.

Jumladan, Piskent tumanidan viloyat olimpiadasida qatnashgan o‘quvchilar bironta o‘rin egallay olmagani tanqid qilindi. Bunga hudud mas’ullari hamda maktab direktorlari yoshlarga qo‘shimcha tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarlicha sharoit yaratmagani ta’kidlandi.
Hay’at yig‘ilishida muammolarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
A.Musayev, O‘zA