Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan ustoz
17:02 / 2025-11-26

Odiljon Mamadjonov gaz ta’minoti tizimida 1996 yildan buyon uzluksiz ishlab, o‘zining tajribasi va kasbga bo‘lgan sadoqati bilan ko‘pchilikka namuna bo‘lib kelmoqda.

Mehnat faoliyatini gaz ta’minoti tizimining turli bo‘g‘inlarida boshlagan Odiljon aka yillar davomida o‘z kasbining yetuk mutaxassisiga aylandi. Ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatishdan tortib, xavfsizlik talablarigacha chuqur o‘zlashtirish va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish orqali u sohada o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. 

Hozirda Odiljon Mamadjonov Hududgaz “Namangan” gaz ta’minoti filiali “Uychi gaz to‘ldirish shoxobchasi”da sinovchi chilangar bo‘lib faoliyat yuritmoqda. Ushbu vazifa yuqori darajadagi e’tibor, mas’uliyat va texnik bilimni talab qiladi. Sinov jarayonlarining to‘g‘ri tashkil etilishi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi, jihozlar va uskunalarning soz holda bo‘lishi uning kundalik vazifalari sirasiga kiradi. 

Usta-chilangarning mas’uliyat bilan ishlashi natijasida shoxobchada gaz bilan bog‘liq jarayonlar barqaror va ishonchli olib borilmoqda. Hamkasblari uni tirishqoq, talabchan va o‘z ishiga sidqidildan yondashadigan xodim sifatida hurmat qilishadi. Darhaqiqat, u o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, hudud aholisi va iste’molchilarga xavfsiz hamda sifatli gaz ta’minotini yo‘lga qo‘yilishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. 

Yillar davomida orttirilgan tajriba, mas’uliyat va halol mehnat Odiljon Mamadjonov faoliyatining asosiy mezonidir. Bugun u nafaqat tajribali mutaxassis, balki yoshlar uchun ham o‘rnak bo‘la oladigan ustoz sifatida ham e’tirofga loyiq. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.