Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga oid islohotlar ta’lim tizimi oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo‘yadi
15:16 / 2026-03-02

Munosabat

Bugungi kunda inson kapitalini shakllantirish va uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor va strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bu borada iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining asosiga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 24-fevral kuni mamlakatimiz faol va iqtidorli yoshlari bilan o‘tkazgan ochiq va samimiy muloqoti davlat va yoshlar o‘rtasidagi ishonchning yangi bosqichini boshlab berdi.

Uchrashuvda ilgari surilgan muhim tashabbuslar oddiy imtiyozlar yoki moliyaviy ko‘mak shaklidagi alohida choralar emas. Bu yoshlarning hayotiy yo‘lini tizimli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, o‘zaro bog‘langan va bir-birini to‘ldiruvchi yaxlit strategik yondashuvning ifodasidir. Mazkur tashabbuslar ta’lim olishdan tortib kasb egallash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.

Ayniqsa, vazirlik va idoralarda haftaning har payshanbasi “Yoshlar kuni” etib belgilanishi – davlat boshqaruvi tizimida yoshlar bilan ishlashni mutlaqo yangi darajaga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadamdir. Bu amaliyot orqali yoshlar muammolari kabinetlarda emas, bevosita muloqot jarayonida muhokama qilinadi, taklif va tashabbuslar esa real qarorlarga aylanadi. Eng muhimi, bu ularni davlat boshqaruvida faol ishtirok etish va sohalarda mas’uliyat hissini oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ ajratilishi mamlakatimizda yoshlar biznesi yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Uchrashuvda davlat rahbari tomonidan innovatsion startaplar uchun 100 ming dollargacha investitsiya kiritish tashabbusi ilgari surildi. Bu global bozorga yo‘naltirilgan, raqobatbardosh mahsulot va xizmatlar ishlab chiqishni rag‘batlantirib, mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozimki, “Kelajak tadbirkori”, “Yangi avlod tadbirkorlari”, “O‘sish va rivojlanish” kabi dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar, grantlar va ssudalar yoshlar tashabbuslarini amalga oshirishdagi moliyaviy to‘siqlarni sezilarli darajada kamaytiradi.

Bundan tashqari, “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilariga stajirovka davrida oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lash amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi ularning amaliy tajriba orttirishiga xizmat qiladi. Bu esa ta’lim bilan mehnat bozori o‘rtasidagi uzilishni bartaraf etib, yosh mutaxassislarni real ish muhitiga bosqichma-bosqich moslashtirish imkonini beradi.

Texnikum o‘quvchilari uchun “Work and travel” dasturi orqali xorijda ishlash imkoniyati yaratilishi esa yoshlarning xalqaro mehnat muhitida tajriba orttirishi, til bilimi va madaniyatlararo kompetensiyalarini rivojlantirishiga zamin yaratadi. Shu tariqa, yoshlar nafaqat nazariy bilim, balki global raqobat sharoitida zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarni ham egallaydi.

Ta’kidlash joizki, endilikda yoshlar siyosati faqat iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmaydi. Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga har yili 62 milliard so‘m ajratilishi, eng yaxshi volontyorlik loyihalariga 100 million so‘mgacha grant berilishi fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.

“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali iste’dodli yozuvchilarni moddiy rag‘batlantirish, maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarni mukofotlash esa ma’naviy taraqqiyotni yangi bosqichga ko‘taradi. Bu esa iqtisodiy islohotlar ma’naviy va ijtimoiy rivojlanish bilan uyg‘un holda olib borilayotganini ko‘rsatadi.

Ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagog sifatida alohida ta’kidlamoqchimanki, bunday keng ko‘lamli islohotlar ta’lim tizimi oldiga ham mutlaqo yangi vazifalarni qo‘yadi. Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ulardan chuqur bilim, tanqidiy va tahliliy fikrlash, tashabbuskorlik, moliyaviy savodxonlik hamda global dunyoqarashni talab etadi. Demak, ta’lim muassasalari faqat nazariy bilim beruvchi emas, balki yoshlarni hayotga, raqobatga va mas’uliyatga tayyorlaydigan muhitga aylanadi.

Biz o‘z faoliyatimizda o‘quvchilarni mustaqil qaror qabul qila oladigan, jamoada ishlaydigan, ijtimoiy mas’uliyatni his qiladigan va xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘ladigan shaxs sifatida tarbiyalashni ustuvor vazifa deb bilamiz. Prezident tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ana shu maqsadlarni amalga oshirish uchun mustahkam huquqiy, moliyaviy va institutsional zamin yaratadi. Bu esa ta’lim va davlat siyosati o‘rtasidagi strategik uyg‘unlikni yanada mustahkamlaydi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, jumladan, Prezident maktablarining tashkil etilishi, aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan Muhammad al-Xorazmiy va Abu Ali ibn Sino nomidagi maktablarning ochilishi iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni zamonaviy bilimlar asosida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda xalqaro muhitda ta’lim berish va dunyoning Harvard University, Yale University, University of Oxford, Columbia University, Cornell University kabi TOP-10 talik reytingidagi universitetlarga maqsadli tayyorlovni amalga oshirayotgan Al-Beruniy nomidagi xalqaro IB maktab-internati ta’lim tizimida mutlaqo yangi bosqichda faoliyat yuritmoqda. Xususan, maktabimizda International Baccalaureatening Diploma Programme dasturi joriy etilgani o‘quvchilarga xalqaro tan olingan diplom olish hamda yetakchi xorijiy universitetlarga imtiyozli kirish imkoniyatini yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, davlat rahbarining yoshlar manfaatlari sari ilgari surayotgan tashabbuslari navbatdagi imkoniyatlar to‘plami emas, balki Yangi O‘zbekistonning uzoq muddatli taraqqiyot modeli hisoblanadi.

Javohir AHMEDOV, Al-Beruniy nomidagi

xalqaro maktab-internati ijrochi direktori.

O‘zA