Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
15:06 / 2026-03-02

Munosabat

Davlatimiz rahbarining yaqinda yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi va muloqotida ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, startap va innovatsion loyihalarni rivojlantirish borasidagi muhim masalalar haqida so‘z bordi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, avvalo, har bir yoshning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi, raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va mehnat bozorida munosib o‘rin topishini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bugungi globallashuv sharoitida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi.

Bugungi kunda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 13 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda. Oliygohda talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida xorijiy tillar, axborot texnologiyalari, shuningdek, raqamli savodxonlik yo‘nalishlarida qo‘shimcha o‘quv kurslari tashkil etilgan. Ushbu kurslar orqali yoshlarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsad qilib belgilangan.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun moliyaviy resurslar va imtiyozli kreditlar hajmini kengaytirish, startap loyihalarga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha belgilangan vazifalar yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish va mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashning asosiy omilidir.

Institutda bitiruvchi kurs talabalarining bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularni hayotga tatbiq etish maqsadida “Kelajakka qadam” markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu markazda tegishli banklarning mas’ul xodimlari, shuningdek, taniqli tadbirkorlar ishtirokida “Biznes g‘oyadan tayyor loyihagacha” mavzusida seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda. Buning natijasida, hozirgi kunga qadar institutning 69 nafar talabasiga jami 2 milliard 220 million so‘mga yaqin miqdordagi kredit mablag‘i ajratildi va ular o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi.

Bugun biz, oliy ta’lim sohasi mutasaddilari va professor-o‘qituvchilar, Prezidentimiz tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etish, yoshlarning har bir g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash va ularning yetuk kadrlar bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratishni o‘zimizning asosiy vazifamiz deb hisoblaymiz.

Zero, Yangi O‘zbekistonning ertangi kuni – bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlar qo‘lida.

Alisher Ubbiyev,

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori.

O‘zA