Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tanlovida qatnashgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Buxoro viloyati filiali “Shofirkon tumanining “Navbahor” va “Jo‘yrabot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholining keng qatlamlarida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va bandligini ta’minlash orqali jamiyatda kambag‘allikni qisqartirish” mavzusi bilan g‘olib deb topilib, loyihani amalga oshirish uchun 60 million so‘m miqdorida grant mablag‘lari ajratilgandi.
– Loyiha doirasida Shofirkon tumanining “Navbaxor” hamda “Jo‘yrabot” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi yoshlarning biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida mazkur hududlardan 300 nafar yosh o‘zini o‘zi band qilish mexanizmi haqida to‘liq ma’lumot oldi, –deydi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Buxoro viloyati filiali rahbari Alijon Hakimov. – Yoshlarning tomorqadan samarali foydalanish borasidagi iqtisodiy bilimlari mustahkamlandi. Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun Yoshlar ishlari agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi bilan birgalikda talab yuqori bo‘lgan 15 ta kasb-hunar bo‘yicha Ye-Kasb.Uz onlayn platforma ishga tushirilgan. Yoshlar mazkur onlayn platformasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishdi. Platforma orqali moliyaviy savodxonlik, xorijiy tillar, qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik, elektrik, kosmetologiya, ayollar va erkaklar sartaroshligi, qandolatchilik, oshpazlik, santexnika ishlari, buxgalteriya, tizim va tarmoq администраторлиги, dasturlash kabi kasb- hunar yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quvlar tashkil qilindi.


Loyiha doirasida ushbu hududlardagi tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lgan, band bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlariga jamg‘armaning malakali va tajribali xodimlari tomonidan olti oy mobaynida treninglar hamda yirik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi korxonalariga loyihada ko‘rsatilgan reja asosida biznes sayohatlar tashkil qilindi. Jumladan, Buxoro tumanidagi “Bukhara Varnet” agroklasteri, Romitan tumanidagi “WBM ROMITEX”, Shofirkon tumanidagi “AZTEX”, Vobkent tumanidagi “Ekvotorial chodak”, Buxoro shahridagi “EUROGLASS”' shisha ishlab chiqarish korxonalariga qilingan sayohatlar bunga misol bo‘la oladi.
Bundan tashqari, chorvachilik faoliyatiga qiziqishi yuqori bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan oilalarning 10 nafar farzandiga grant mablag‘lari hisobidan subsidiya asosida mayda shoxli chorva mollari olib berildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA