Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga ishonch, keng imkoniyatlar – ertangi taraqqiyot poydevori
09:34 / 2026-02-25

.

Munosabat

Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini belgilab beruvchi strategiya va davlat dasturlarida ham yoshlar masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Qolaversa, yurtimiz aholisining katta qismini tashkil etuvchi yoshlar nafaqat islohotlar ishtirokchisi, balki ularning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Joriy yil 24 feral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti mamlakatimiz taraqqiyotida navbatdagi muhim siyosiy voqea bo‘ldi deb aytish mumkin.

Sababi, yaratilgan imkoniyatlar samarasi bugun aniq raqamlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Dunyoning nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlar soni yil sayin ortib bormoqda. 

Bu ko‘rsatkichlar yurtimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yoshlarimiz tomonidan yaratilgan 63 ta startap loyihaning AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozoriga kirib borgani yangi avlodning innovatsion salohiyati yuksak darajada ekanidan dalolatdir.

Yosh tadbirkorlar bugun mamlakatimizdagi biznes vakillarining 35 foizini tashkil etayotgani esa iqtisodiyotimizda yoshlar ulushi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Jumladan, har yili 600 ming nafar yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030-yilga borib bu raqam 1 millionga yetishi kutilmoqda. Bu esa yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash masalasini davlat siyosati darajasida hal etishni taqozo etadi.

Shu maqsadda Prezidentimiz tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilindi. Shu bilan birga, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida 7 yilgacha 15 foizli imtiyozli kreditlar berilishi, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun garovsiz kredit miqdorining oshirilishi yoshlar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Ayniqsa, tadbirkorlikni endi boshlayotgan yoshlarning 30 foizi bilim va ko‘nikma yetishmasligi sabab qiyinchilikka uchrayotgani inobatga olinib, har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilishi juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Bu markazlar yoshlarga g‘oyani biznesga aylantirish, marketing, buxgalteriya, tashqi bozorlarga chiqish kabi yo‘nalishlarda kompleks xizmat ko‘rsatib ularni qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, yoshlarni kasbga yo‘naltirish masalasi ham muloqot markazida bo‘ldi. Har yili kamida 100 ta texnikumni to‘liq ta’mirlash va zamonaviy jihozlash, “dual ta’lim” qamrovini kengaytirish, “Work and travel” dasturini texnikum o‘quvchilari uchun ham joriy etish tashabbuslari yoshlarning mehnat bozoriga tayyor holda kirib kelishini ta’minlaydi.

Bu borada oliy ta’lim muassasalaridagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, “spin-off” loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va startaplarga 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratish mexanizmini joriy etish muhim ahamiyatga ega.

Axborot xurujlari kuchayib borayotgan bugungi davrda yoshlar ma’naviy immunitetini mustahkamlash ham dolzarb vazifadir. Shu bois “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, eng sara asarlarni maktab va texnikumlarga yetkazish, faol kitobxonlarni rag‘batlantirish choralari katta ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, volontyorlik harakatining rivojlanishi ham quvonarli holat. Bugun mamlakatimizda 100 mingdan ortiq yosh volontyor faoliyat yuritmoqda. Endi “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil qilinib, har yili salmoqli mablag‘ ajratilishi fuqarolik jamiyatini yanada mustahkamlaydi.

Yosh oilalar uchun ipoteka dasturi doirasida kredit stavkasining bir qismi byudjetdan qoplab berilishi menimcha mamlakatimizdagi barcha yosh oilalar kutgan yangilik hamda ijtimoiy adolat tamoyillarining amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Umuman olganda, bugungi islohotlar yoshlarga qaratilgan oddiy imtiyozlar emas, balki ularni mamlakat taraqqiyotining to‘laqonli sub’ektiga aylantirishga qaratilgan strategik yondashuvdir. Yaratilayotgan imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va yangi tashabbuslar orqali yoshlar faqat ish izlovchi emas, balki ish o‘rinlari yaratuvchi, innovatsiya tashabbuskori va jamiyatning faol kuchiga aylanmoqda.

Eng muhimi, davlat va yoshlar o‘rtasida ishonchli muloqot mustahkamlanmoqda. Ana shu ishonch va imkoniyat uyg‘unligi Yangi O‘zbekistonning ertangi muvaffaqiyatini belgilab beradi.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA