Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga Germaniyada o‘qish imkoniyati yaratilmoqda
11:56 / 2025-09-26

Mamlakatimizda har bir sohada tizimli ravishda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholini talab yuqori kasblarga o‘qitish va yuqori daromadli ish bilan ta’minlash, shuningdek, kasbiy ta’lim muassasalarida xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga xorijiy ish beruvchilarning talab va buyurtmalari asosida malakali kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Bu maqsadda Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi bilan hamkorlikda texnikumlarda nemis ta’lim dasturi asosida “Ausbildung” tizimini joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Respublikamizning 5 ta viloyatida tashkil etish rejalashtirilgan ushbu tizim Farg‘ona viloyatida Marg‘ilon qurilish va kommunal xo‘jaligi texnikumida joriy etildi. 

“Ausbildung” tizimi bo‘yicha o‘qish muddati texnikumlarda 3 yil bo‘lib, ta’limning birinchi yili O‘zbekistonda, qolgan ikki yili Germaniyada amalga oshiriladi. Qabul kvotasi bo‘yicha dastlabki yili 3 ta kasb – "Qurilish texnikasi ustasi", "Elektromontyor", “Logistika” mutaxassisliklariga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

– Ushbu dasturga asosan texnikumga 17-26 yoshdagi yigit-qizlarni o‘qishga qabul qilamiz. “Askania Bildung” kompaniyasi tomonidan 250 nafar kvota belgilangan. Birinchi kursda o‘quvchilar nemis tili va kasbiy fanlar bo‘yicha tahsil oladi hamda nemis tili bo‘yicha kamida B1 darajadagi sertifikat olgan o‘quvchilar 3 oy davomida Germaniyada amaliyot o‘taydi.

 

Aynan shu talabalar keyingi bosqichlarni Germaniyadagi kasbiy ta’lim tashkilotlarida dual ta’lim shaklida o‘qishni davom ettiradi, – deydi Marg‘ilon qurilish va kommunal xo‘jaligi texnikumi nemis tili o‘qituvchisi Nozima Yunusaliyeva. – Bu til o‘rganish va xorijda ishlash istagida bo‘lgan yoshlarimiz uchun katta imkoniyat eshiklarini ochadi. O‘quvchilarimiz Germaniyada o‘qish davrida 600 yevrodan 1500 yevrogacha stipendiya olishi mumkin. 

Ma’lumot uchun, Germaniyaning “Askania Bildung” kompaniyasi texnikumlarda kasbiy tayyorgarlik tizimi – “Ausbildung”ni joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bu tizim yosh mutaxassislarni tayyorlash uchun nazariy bilimlarni amaliyot tajribalari bilan uyg‘unlashtiradi.

 Asosiy faoliyat yo‘nalishlari nemis kasbiy ta’lim tizimini texnikumlarga integratsiya qilishga qaratilgan bo‘lib, “Ausbildung” tizimi kelgusida kasbning ham nazariy, ham amaliy jihatlarini qamrab olgan holda kompleks tayyorgarlikni ta’minlaydi. Dastur yoshlarni chuqur kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega qilish uchun jalb etishga mo‘ljallangan.

M.Sulaymonov, O‘zA