IIV Navoiy akademik litseyida “Muqaddas burch” gazetasi tahririyati va O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor” mavzusida tadbir tashkil etildi.
“Muqaddas burch” gazetasi 2024 yil – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan “Aholi qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni hayotda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish va tibbiy hamda ekologik madaniyatini yuksaltirish” mavzusidagi davlat granti loyihasida ishtirok etib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida keng targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda zamonaviy innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish mavzusida “Yoshlarga e’tibor – kelajakka e’tibor” loyihasi g‘olibiga aylangan edi.
Bugungi kunda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va huquqbuzarligining oldini olish va ularning sodir etilishiga sharoit tug‘diruvchi vaziyatlarni bartaraf qilish davlat va jamiyat oldida turgan asosiy vazifalardan sanaladi.
[gallery-23536]
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 71 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida esa 6 nafar voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida 7 ta jinoyat sodir etilgan.
Yoshlarimiz tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, ularning aksariyati ota-onalar tomonidan farzandlarini nazoratsiz qoldirishi, ularning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etilmasligi, oilada farzandlarga mehr ko‘rsatilmasligi oqibatida kelib chiqmoqda.
Voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishi kelgusida ularning jinoyatchi bo‘lish ehtimolini oshiradi hamda bu holat yurtimiz taraqqiyotiga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazadi.
Tadbirda litsey o‘quvchilari tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Tadbir so‘nggida faol o‘quvchilarga tahririyat tomonidan kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari