Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga eʼtibor bu – kelajakka eʼtibor
16:46 / 2020-06-30

Prezidentimizning biz, yoshlarga yoʻllagan tabrigini oʻzgacha bir shukuh, koʻtarinki kayfiyat bilan oʻqib chiqdik.


Prezidentimizning biz, yoshlarga yoʻllagan tabrigini oʻzgacha bir shukuh, koʻtarinki kayfiyat bilan oʻqib chiqdik. Bu tabrik biz yoshlar uchun qanot boʻlib xizmat qiladi, albatta.

Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarning aql-zakovatli, kuchli, teran idrokli, sanʼat, ijod va sportdagi olamshumul yutuqlari bilan dunyoni lol qoldirishi, muxtasar aytganda, hech kimdan kam emasligi va kam boʻlmasligini jahonaro namoyon etishi uchun katta imkoniyatlar yaratildi. Bugun turli jabhalarda gʻolib va muzaffar oʻgʻil-qizlarimiz yurtimizni butun dunyoga tanitmoqda. Bundan haqli ravishda gʻururlanamiz, qalbimiz faxr-iftixorga toʻladi. Bu oʻz navbatida, har bir yurtdoshimiz el-yurt istiqboli, Vatan taraqqiyoti, navqiron avlod kelajagi yoʻlida qaygʻurayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yoshlar bilan bogʻliq eng muhim masalalarni belgilab olgan holda muammolarga yechim topish bugungi kunda ustuvor vazifa hisoblanadi. Yoshlar bandligini taʼminlash ana shunday dolzarb masalalardan biri edi. Turli loyihalar, uzoqni koʻzlab qilingan chora-tadbirlar bugun oʻz samarasini bermoqda.

Doimiy ish bilan band boʻlgan yoshlarning bekorchi narsalarga sarflanadigan vaqti boʻlmaydi, sevimli kasb egasining ertangi kunidan koʻngli toʻq, ruhi esa baland boʻlishi, tabiiy. Eng asosiysi, u maqsad bilan yashaydi. Zero yoshlarga eʼtibor kelajakka eʼtibor.

Buni Gʻijduvon tumanida yoshlar bandligini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin. Birgina 2019-yilning oʻzida tumanda ishsiz yoshlar 5940 nafarni tashkil etgan boʻlsa, yil yakunida 3430 nafardan ortiq yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlashga erishildi. Joriy yilda tumanda 1425 nafar ishsiz yoshlar roʻyxatga olingan boʻlsa, oʻtgan davrning 6 oyi davomida 825 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi. Darhaqiqat, yangi ishga kirgan yoshning quvonchi boshqacha boʻladi. Uning hayotga mustaqil odimlari mustaqil faoliyat boshlashida koʻrinadi. Mutasaddi tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan loyihalar doirasida oʻz ishini topgan, hunarli boʻlgan, oʻz kasbining mutaxassisi sifatida faoliyat boshlagan, turli sohalarda kimlargadir nafi tegayotgan yoshlar bitta boʻlsa ham, mingta boʻlsa ham jamiyat uchun arzigulik muvaffaqiyat hisoblanadi. Chunki yoshlarning bandligini taʼminlash bilan mamlakat rivojiga hissa qoʻshayotganlarning safini kengaytirishga erishish mumkin.

Yoshlarimiz bizning faxrimiz, bizning qanotimiz, ertangi kunimizning mevasi. 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan ushbu qutlugʻ ayyomda barchamiz yoshlik inson umrining naqadar goʻzal va begʻubor fasli, ulkan orzu-umidlar, beqiyos imkoniyatlar davri ekanini yana-da chuqur his qilib, navqiron yoshlarimizga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Ishonchimiz komilki, yoshlarimiz zamonaviy bilim va taraqqiyot choʻqqilarini egallab, oʻz amaliy ishlari, gʻayrat-shijoatlari bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar boʻlishadi. Mamlakatimizdagi barcha yoshlarni Yoshlar kuni bilan qutlab, ularga sihat-salomatlik, shaxsiy hayotlarida yangi yutuq va omadlar tilab qolamiz.

Bobomurod OCHILOV,
Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi Gʻijduvon tumani Kengashi raisi,
xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati.