Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga dehqonchilik qilish uchun 30-yil muddatga yer berildi
16:54 / 2024-04-16

FOTOREPORTAJ

Namangan viloyatida “Mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgan yoshlarga E-AUKSION platformasi orqali 30-yil muddatga yer ajratilmoqda.

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov Norin tumanida bo‘lib, yoshlarga yer maydonlarini ajratib berish jarayonida qatnashdi.  

Tumanning Qo‘rg‘oncha hamda Qozoqovul mahallalarida yashovchi 61 nafar yigit-qizga “Kamolchi ota agro” hamda “G‘ofurov Rasuljon o‘g‘li Bahodir” fermer xo‘jaliklaridan 25 sotixdan ekin maydoni ajratib berildi. Yoshlar orasida yaqindagina migratsiyadan qaytganlari ham bor.  

Yoshlarga ajratilgan yerdan foydalanish tartibi, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqonchilik qilish borasida tushuntirish va tavsiyalar berildi.

G‘alaba MMTP hududida 22 nafar Katta Oqtovliq hamda 6 nafar Qurama mahallalari yoshlariga 15 sotixdan unumdor yer 30-yilga foydalanish uchun berildi.

Ta’kidlash kerak, tumanda 1376 nafar ishsiz o‘g‘il-qiz ro‘yxati shakllantirilib, tuman hokimligi zaxirasidagi 344 gektar maydon ochiq elektron savdoga qo‘yilgan.  

Jarayonda viloyat hokimi Katta oqtovliq mahallasi yoshlari bilan uchrashdi. Yoshlarning muammolarini tinglash, ularni hal etishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan uchrashuv savol-javob tarzida ochiq va oshkora muloqot shaklida o‘tdi.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun kredit olish, zarur asbob-uskunalar xarid qilish, kasb-hunar o‘rganish kabi qator masalalar bo‘yicha yoshlarning murojaatlari tinglandi.  

Muloqot davomida bildirilgan 20 dan ortiq masalaning aksariyatiga shu joyning o‘zida yechim topildi. E’tiborlisi, xorijga ishlash uchun borib kelayotgan yigitlar viloyat hokimi bilan muloqotdan so‘ng o‘z mahallasida qolib, daromad topishga qaror qildi.  

Bir guruh yoshlarga esa muloqotdan so‘ng 30-yil muddatga ajratilayotgan yerlardan berildi.  

Tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.  

Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA