English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoshlarga ajratilgan yerlar samara bera boshladi
17:23 / 2024-08-12

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan hududlarda tuman zaxirasidagi suvli yerlar uzoq muddatga ishsiz yoshlarga ijaraga beriladigan bo‘ldi.

Ajratilgan yerlarda yoshlar mehnat qilib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirdi va bu o‘zining ijobiy sarasini bera boshladi. 

Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida yoshlarga ajratib berilgan unumdor yerlarda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. 

Qamashi tumani “Balandchayla” MFYda yashovchi Akmal Yuldoshev ham hali  30 ga to‘lmagan. Yosh bo‘lishiga qaramay ro‘zg‘or tashvishi boshiga tushgach, pul topish ilinjida oila bag‘ridan uzoqda, xorijda ishlab yurardi. Yoshlarga yer ajratilayotganini eshitib, mahalla yetakchisiga uchrashdi va yerli bo‘ldi. Ajratilgan yerga pomidor ekdi. Agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajardi. Hosil pishgach ilk daromadini ola boshladi. Yarmarkaga ham o‘zi yetishtirgan mahsulotlardan keltirdi. 

– Ajratilgan 50 sotix yerga “lojayn” navli pomidor ko‘chatini ekdik, –deydi A.Yuldoshev. – 35 ming tub ko‘chat ekkanmiz. Oilaviy mehnat qildik. Bugungi kunda pomidorning kilogramini 2500 so‘mgacha sotyapmiz. Mavsum yakunlanguncha 70 million so‘mga yaqin daromad olishni mo‘ljallab turibmiz. Shukr, foydamiz yaxshi. Xaridorlarning o‘zi dalaning boshiga kelib mahsulotimizni olib ketyapti. Bozor deb ovora bo‘lmaymiz. O‘z yurtingda mehnat qilib, yaxshi daromad topib, oilang bag‘rida bo‘lganingga nima yetsin. Yoshlarga yaratib berilgan bunday imkoniyatlardan boshimiz ko‘kka yetdi. 

Ta’kidlash lozimki, ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati hokimi tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan 6 ming gektar yer maydonlari 7 ming 584 nafar yoshga ajratilishi rejalashtirilgan. Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan, mahallalarda dehqonchilik qilish maqsadida yer olish istagida bo‘lgan 7 ming 911 nafar yoshning ro‘yxati shakllantirilgan.

[gallery-18690]

Mahalla yettiligining tavsiyanomasiga asosan “Assistant.e-auksion.uz” elektron platformasiga 10 ming 276 nafar yosh kiritilgan. Shundan, bugungi kunga qadar 6 ming 713  nafar yosh 4 ming 936 gektar yer maydonlarini onlayn auksion orqali yutib olishgan. Hozirgi vaqta 1 ming 64 gektar yer maydoni auksion savdolariga chiqarilgan. Bundan tashqari, 4 ming 62 nafar yoshga 2 ming 745 gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlari takroriy ekin ekish uchun ajratilgan. 

Bugun ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, ro‘zg‘origa millionlab daromad olib kirayotgan yoshlar soni tobora ormoqda. Yarmarka ishtirokchilaridan biri mirishkorlik Akmaljon Ro‘zimurodov ham mana shunday imkoniyatlardan samarali foydalangan yoshlardan. U bilan suhbatlasharkanmiz, yoshlarga qaratilayotgan e’tibordan mamnun ekanligini ta’kidlaydi. 

– Menga bir gektar yer ajratildi, – deydi A.Ro‘zimurodov. – Unga tariq ekdim. Sababi bedanachilikni yo‘lga qo‘yganman. Hozirgi kunda 2 mingta bedanam bor va ulardan kuniga 1 ming 600 donagacha tuxum olaman. Bu esa kuniga 1 million 200 ming so‘mgacha daromad degani. Albatta, bedanalarim uchun ozuqa kerak. Yoshlarga yer ajratilgani ayni muddao bo‘ldi. U yerda bedanalarim uchun ozuqa yetishtiryapman. Ilgari yemini sotib olardim. Endi o‘zimizda yetishtiryapmiz. Bu esa daromadning ikki hissa oshishiga xizmat qilmoqda. 

Yarmarkada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining savdosi ham tashkil etildiki, bu unda ishtirok etgan  yoshlarning daromadi yanada oshishiga imkon yaratdi. 

– Yarmarkada o‘zimiz yetishtirgan dehqonchilik mahsulotlari bilan ishtirok etyapmiz, – deydi Madamin Xushvaqtov. – Tajribali dehqonlardan maslahat olib mosh yetishtirganmiz. 2 tonna mosh oldik. 25 million so‘m daromad qildik. O‘rniga poliz ekinlari ekkanmiz. Kech kuzda bug‘doz ekamiz. Bizga shu yerni ishonib berishdi. Albatta, ishonchni oqlaymiz. Ilgari xorijda ishlab yurardim. Bunaqa imkoniyatlardan hursandmiz. 

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi “Rahbar va yoshlar” uchrashuviga ulanib ketdi.

Unda viloyat hokimi Murotjon Azimov va Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevlar yoshlar bilan muloqot qildi.

Rahbarlar viloyatimiz yoshlari bilan samimiy suhbat qilgan holda Prezidentimiz tomonidan yurtimiz, xususan, Qashqadaryo yoshlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Yoshlarning taklif va muammolari ham tinglanib, yechimi bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari