Parlament quyi palatasi majlisida Davlat dasturining joriy olti oylikdagi ijrosi muhokamalarida deputat Dilbar Mamajonova yoshlar masalasida bir qator savollarni ko‘tardi:
– Bugungi kunda rasman 1 milliondan ortiq yoshlar ishsiz deb e’tirof etilgan. Bu esa yoshlarning 16 foizini tashkil etadi. Qolgan 84 foiz yoshlarning taqdiri qanday? Talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?
Shuningdek, yoshlarga 2,5 ming gektar yer maydoni dehqonchilik qilish uchun ajratilgan. Ammo yoshlar bu yerlardan samarali foydalana olyaptimi, berilayotgan yerlarning unumdorligi qay darajada?
Deputatning ushbu savollariga javoban Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari quyidagilarni ma’lum qildi:
– Yil boshida mahallalarda xatlov o‘tkazilib, 9 milliondan ortiq yoshlarning “Yoshlar balansi” shakllantirildi, shundan kelib chiqib, individual dastur ishlab chiqildi. Xatlov natijasida 384 ming yoshlar ishsiz deb ro‘yxati shakllantirildi. Joriy 1 iyul holatiga 161 ming yoshlarning bandligi ta’minlandi.
5000 nafar yoshlarga 2,5 ming gektar yer maydonlari ajratib berildi. 1 avgust holatiga 208 ming yoshlar (54 foiz) ish bilan bandligi ta’minlangan. Qolgan qismini ham kasbga o‘qitish, tayyorlov kurslarida, xorijiy tillarga o‘qitish, tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘ramiz.
Hozirda 1 million emas, 782 ming nafar ishsiz yoshlarimiz bor. To‘g‘ri, yana 821 ming nafar yoshlar mehnat bozoriga kirib kelyapti. Shuning hisobiga 1 millionga yaqinlashadi.
Yoshlarga ajratilgan yerlardan 7 ming tonnadan ortiq mahsulotlar olingan. 35 mlrd.ga yaqin daromad qilingan. Vazirlikda “Onlayn mahalla” platformasida bu bo‘yicha hisobotlar yuritiladi, – dedi vazir o‘rinbosari.
Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev esa o‘tgan 2024 yilda 152 ming yoshga 56 ming gektar yer berilgani, 156 ming tonna mahsulot yetishtirilib, 500 mlrd.dan ortiq daromad qilinganini ma’lum qildi. Ularning faoliyati o‘rganilgani, muammolarini yechish choralari ko‘rilganini aytib o‘tdi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
[gallery-24725]
Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili esa tuman hokimlari bilan hamkorlikda yoshlarga yer berish ishlari olib borilgani, ularga yaqin bo‘lgan hududdagi, suv yetarli, mahsuldor yer maydonlarini berishga e’tibor qaratilganini aytib o‘tdi. Yoshlarning mahsulotlarini xorij bozoriga chiqarish choralari ko‘rilayotganini qayd etdi.
Muhtarama Komilova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA