Namangan harbiy prokuraturasida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda viloyat favqulodda vaziyatlar va mudofaa ishlari boshqarmalari hamkorligida “Jasorat sinfi” o‘quvchilari uchun “ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Tadbir doirasida o‘quvchi yoshlar harbiy prokuratura binosidagi xizmat xonalari, faoliyat jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, muassasa tarixiga oid ma’lumotlar taqdim etildi. “Ma’naviyat burchagi”dagi ekspozitsiyalar yoshlarda yorqin taassurotlar uyg‘otdi. Tadbirning amaliy qismida harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish qilindi.


Yoshlar harbiy tayyorgarlik, intizom va jamoada ishlash ko‘nikmalarini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, rahbarlar va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazilib, unda yurtimizda yosh avlodga qaratilayotgan g‘amxo‘rliklar, imkoniyat va imtiyozlar, ertamiz egalarining ta’lim olishi, kasb tanlashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida atroflicha to‘xtalindi.


Bunday tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish, o‘g‘il qizlarni huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va kelgusi kasb tanlovida yordam berishga xizmat qilishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA