Buxoro innovatsiyalar universitetining Sirdaryo viloyat filialida O'zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashining tashabbusi bilan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi. Unda viloyatdagi yirik davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, partiya faollari, tadbirkorlar, OAV va oliy ta’lim dargohlari talabalari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yoshlarning siyosiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishlarining ahamiyatini alohida ta’kidlab, bunda siyosiy partiyalar yoshlar salohiyatini oshirish, ularni davlat va partiya boshqaruvi sohalariga tayyorlashda muhim rol o‘ynashi kerakligini ta’kidlashdi.

O'zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi Yoshlar muammolarini o‘rganish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Elyor Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, “Yangi avlod kadrlari” loyihasi yoshlarni siyosiy jarayonlarga faol jalb qilish, liderlik va tashabbuskorlik qobiliyatlarini rivojlantirish, partiyaviy va davlat boshqaruvi sohalarida amaliy tajriba orttirishlarga qaratilgan.
– Bu loyiha orqali yoshlar zamonaviy tafakkurga ega, bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yetakchi sifatida shakllanadi. Shu bilan birga, u siyosiy va davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yuritishga qodir kadrlar zaxirasini yaratish, nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish hamda liderlik va kommunikatsiya sohasida tajriba orttirish imkonini beradi, – deydi Elyor Jo‘rayev.

Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham so‘z yuritildi. Shuningdek, talabalarga berilayotgan imkoniyatlar va ularning kelgusidagi rejalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir so‘ngida talaba yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan to‘laqonli javoblar olishdi va olingan bilim va ko‘nikmalar ularning professional va siyosiy faoliyatida muhim tayanch bo‘lishi shubhasiz.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri