Andijon shahridagi viloyat “Yoshlar markazi”da “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Keng jamoatchilik vakillari, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan professional ta’lim muassasalari ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli yot g‘oyalar, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolishlarining oldini olish, yoshlar qalbida vatanparvarlik, milliy an’analarga hurmat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Xurshidbek Qo‘chqorov, Andijon shahridagi “Bobo Tavakkul ota” jome masjidi imom-xatibi Nodirbek Kenjayev, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi Feruza Rustamova va boshqalar tomonidan Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida barcha jabhalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish, eng muhimi yoshlarimizning faolligini oshirish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish muhimligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-9683]
– Yoshlarimiz bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazyapti, ular jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashayaptimi, global internet tarmog‘idan qanday foydalanmoqda, umuman, ular yot g‘oyalarga ta’siriga qarshi tura oladimi, degan qator savollar bugun ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga mas’ul har bir mutasaddini jiddiy tashvishga solishi kerak, – deydi Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi Feruza Rustamova. – Buning uchun biz ta’lim muassasasida, mahallada yoshlar bilan bevosita ish olib borishga alohida e’tibor qaratishimiz, ularni turli yot g‘oyalarga, salbiy holatlarga qarshi tura oladigan darajada bilimli, salohiyatli qilib tarbiyalashimiz lozim.
Tadbirda yoshlarning puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi, kitob o‘qishi, sport bilan shug‘ullanishini tashkil etish, ayniqsa, internet ma’lumotlaridan oqilona foydalanishi, diniy aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi manbalardan foydalanmaslik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ilg‘or g‘oya, taklif va tashabbuslari eshitildi. Ular mavzu doirasidagi o‘zlarining fikr-mulohazalari, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidagi takliflari bilan tadbirda faol ishtirok etdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA