Bugun eng olis hududlardan tortib shahar va qishloqlarda yashayotgan yoshlarning muammolariga, orzu-istaklariga yechim topilyapti.
Ularga qanot bag‘ishlagan kuch esa shubhasiz bu yoshlar yetakchilaridir. Ular mahalla yoshlarining tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonligini oshirishga harakat qilyapti.

Yoshlar bilan ishlash, ularni ta’lim va kasbga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan turli loyihalar esa katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Navoiy shahrining Oltin vodiy mahallasida faoliyat olib borayotgan Elyor Ikromov ham ana shunday faol va tashabbuskor yoshlardan biridir. U faoliyatining dastlabki kunlaridanoq tashabbuskorligi va izlanuvchanligi bilan mahalla yoshlarining chinakam yetakchisiga aylandi.

Bugungi kunda mahallada 14-30 yosh oralig‘idagi yoshlar 1 241 nafarni tashkil etadi. U hududdagi yoshlarni kasbga yo‘naltirish orqali bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mahalladagi yoshlarning bo‘sh vaqti uning chinakam ish vaqtiga aylanmoqda.
Bugungi kunda tadbirkorlik tobora rivojlanib, u bilan shug‘ullanuvchilar soni ham yil sayin oshib bormoqda. Qolaversa, bu yo‘nalish aholi asosan yoshlar bandligini ta’minlashda muhim hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda mahallada yoshlar bandligini ta’minlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

U “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratib, tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlariga ko‘maklashmoqda. Ko‘plab yoshlar esa kasb-hunarga yo‘naltirilmoqda.
– Joriy yilda mahallamizda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchisining ko‘magi bilan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit oldim, – deydi Sabrina Fayzullayeva. – Bu mablag‘ orqali multimediya xizmatlari ko‘rsatuvchi faoliyatni yo‘lga qo‘ydim. Yurtimizda biz, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanmoqdaman. Hozirgi kunda o‘z tengdoshlarimdan uch nafari doimiy ish bilan ta’minlangan. Kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirganman.

Bugungi kunda mahallada Elyor Ikromov tashabbusi bilan ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun bepul ingliz tili kursi tashkil etilgan.
– Har bir bola teng imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Kam ta’minlangan oilalar farzandlariga ham yangi olam eshiklarini ochish biz, yoshlar yetakchilarining vazifasidir. Bu kurslar orqali o‘g‘il-qizlarga faqat til o‘rgatish bilan cheklanib qolmaymiz, ularning kelajak haqidagi tasavvurlarini ham o‘zgartirishni maqsad qilganmiz, – deydi loyiha tashabbuskori.
Ayni vaqtda kurslarda dars o‘tayotgan malakali ustozlar zamonaviy metodika va interaktiv yondashuv asosida ta’lim bermoqda. Bolalarning o‘zlashtirish darajasiga qarab, guruhlarga ajratilgan holda individual ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda nafaqat grammatik bilimlar, balki muloqot, tinglash va erkin fikrlash ko‘nikmalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Ilgarilari ingliz tilini o‘rganish orzuim edi, lekin qimmat kurslarga bora olmasdik. Endi esa har kuni bu yerga ishtiyoq bilan kelaman. Kelajakda tarjimon yoki o‘qituvchi bo‘laman, – deydi Ruslan Mahmudov.
– Qizim Shahzoda va o‘g‘lim Alisher shahardagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil oladi, – deydi Dilshoda Najimova. – Ikkalasi ham ingliz tilini chuqur o‘rganishga havasmand. Ammo o‘zimiz ijarada turganligimiz bois, bolalarimizni qo‘shimcha darslarga berish imkoniyatimiz yo‘q edi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan chet tillarini o‘rganish kurslari esa farzandlarim uchun yaxshi, qulay imkoniyat bo‘ldi.
Ta’kidlash o‘rinliki, joriy yilda mahallada istiqomat qiluvchi 50 nafar yosh turli oliy ta’lim muassasasini bitirgan bo‘lsa, barchasining bandligi ta’minlandi.
Xullas, bugun mahallalardagi yoshlarning hech biri e’tibordan chetda emas. Ular har kuni qaysidir yumush yoxud qaysidir sport turi bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqada ishtirok etish bilan band.
A.Bo‘riyev, O‘zA